9 iyul kuni «Tolibon» harakati vakillari Afg‘onistonning Qandahor shahriga kirib kelishdi, deya xabar bermoqda RIA Novosti manbasi.

Ma’lumotga ko‘ra, janglar markaziy qamoqxona hududida bo‘lib o‘tgan va hozirda bozor hududida davom etmoqda. Bir necha tinch aholi vakillari halok bo‘lgan va yaralangan, ammo ularning aniq soni hozircha ma’lum emas.

Milliy xavfsizlik boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, hukumat armiyasining maxsus bo‘linmasi tunda shaharning bir necha qismida «Tolibon»ga qarshi operatsiya o‘tkazgan, natijada to‘qqiz jangari yo‘q qilingan va yana ikkitasi yaralangan.

Shuningdek, Qandahor gubernatori shahardagi vaziyat nazorat ostida ekanligini, jangarilar orqaga chekinayotganini ma’lum qilgan.

Avvalroq, harakat vakillari Afg‘onistonning 400 ta uyezdidan 174 tasini o‘z nazoratiga olganini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 1 may kuni AQSh Afg‘onistondan qo‘shinlarni chiqarishni boshladi, iyun oyi boshida mamlakatdan g‘arb harbiy kontingentining uchdan bir qismi chiqib ketdi. RIA Novostining yozishicha, shundan so‘ng «Tolibon» Afg‘oniston hukumati pozitsiyalariga hujum qilishni boshladi.

8 iyul kuni Moskvada Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili va «Tolibon» harakati delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazgani haqida xabar bergan edik. Unda «Tolibon» Markaziy Osiyo davlatlari chegarasi buzilmasligiga, Afg‘oniston hududida xorij davlatlarining diplomatik va konsullik vakolatxonalari xavfsizligi bo‘yicha kafolat bergan.

Bundan tashqari, harakat vakillari mamlakatdagi barcha etnik guruhlarning manfaatlarini inobatga olgan holda, muzokaralar orqali mamlakatda barqaror tinchlikka erishishdan, shuningdek, inson huquqlarini, shu jumladan ayollarni Islom me’yorlari va afg‘on urf-odatlari doirasida hurmat qilishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.

Amerika prezidenti Jo Bayden AQSh «Al-Qoida» rahbarini yo‘qotib, mamlakatdagi o‘z maqsadlariga erishganligini ta’kidladi. «Afg‘onistonning keyingi taqdirini hal qilish — faqat afg‘on xalqining huquqi va mas’uliyati», — dedi u.