Moliya vazirligi London fond birjasida umumiy qiymati 870 mln dollar bo‘lgan ikkita suveren xalqaro obligatsiyalarni (yevrobondlarni) joylashtirishga tayyorlanmoqda (dastlab 700 mln dollar chiqarilishi rejalashtirilgan edi). Bu haqda moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov juma kuni «Gazeta.uz» ga ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dollarli transh 10 yil muddatga, so‘mda ko‘rsatilgan yevrobondlar esa 3 yoki 5 yil muddatga chiqariladi.

«Hozir aniq bilmaymiz, chunki o‘tgan yildan beri biz 2 trln so‘mlik transhni chiqargan edik. Agar talab yaxshi bo‘lsa, biz transh hajmini so‘mda oshiramiz va dollarda kamaytiramiz. Ammo transhlarning umumiy miqdori 870 mln dollarni tashkil etadi», — dedi moliya vaziri o‘rinbosari.

Odilbek Isoqov 2021 yilda davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunga binoan tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan sof hajmi 5 mlrd dollar, ichki qarzni jalb qilish uchun esa 500 mln dollargacha bo‘lgan miqdorda belgilanganligini eslatdi. Uning ta’kidlashicha, yevrobondlar ushbu limit doirasida chiqariladi.

«3,3 mlrd dollar [$5 mlrddan] investitsiya loyihalari uchun, 1,7 mlrd dollar esa byudjet kamomadini [qoplash] uchun jalb qilinmoqda. 1,7 mlrddan biz 870 mln dollarni yevrobond sifatida jalb qilamiz, qolgan 830 mln dollarni esa byudjetni qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro moliya institutlaridan jalb qilamiz», — dedi u.

Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, milliy valyutadagi xalqaro obligatsiyalar chiqarilishidan tushadigan mablag‘lar O‘zbekiston uchun Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) dasturi doirasida BRMni moliyalashtirishga sarflanadi. Gap maktablar, kasalxonalar qurish, suv ta’minoti, gender tengligi siyosatini targ‘ib qilish va boshqalar haqida ketmoqda.

«Yakkama-yakka» (one-on-one) formatida xalqaro investorlar uchun telekonferetsiya (Global Investor Call) 8−9-iyul kunlari o‘tkaziladi va unda AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Daniya va Shveysariya kabi mamlakatlardan xalqaro investorlar ishtirok etishi kutilmoqda.

Iyul oyining boshida Moody’s agentligi O‘zbekistonning kredit reytingini «B1» darajasida saqlab qoldi, biroq «barqaror» prognozini «ijobiy»ga o‘zgartirdi. Moliya vazirining o‘rinbosari Odilbek Isoqov seshanba kuni «Munosobat» dasturi efirida kredit reytingining yaxshilanishi O‘zbekistonga past foizli stavkalar bilan qarz olish imkoniyatini yaratishini ma’lum qilgan edi.