Namangan viloyatining Kosonsoy tumani «Tergachi» mahallasi hududidagi «Kushon» kichik sanoat zonasidan topilgan bombalar to‘liq zararsizlantirildi, deya xabar qildi Daryo.

Qayd etilishicha, zararsizlantirish ishlari Pop tumanidagi G‘urumsaroy qishlog‘ida joylashgan harbiy qism poligonida amalga oshirilgan. Aviatsiya bombalari o‘quv snaryadlari ekanligi aytilmoqda.

Kosonsoy tumanidagi «Navbahor» mahallasida yashovchi Mahmudjon ota Sulaymonovning Daryo muxbiriga ma’lum qilishicha, bombalar topilgan hudud o‘tgan asrning 50 yillariga qadar harbiy poligon bo‘lgan. U paytlarda bu yerlarda deyarli aholi yashamagan. Snaryadlar o‘sha paytlardan qolib ketgan bo‘lishi mumkin.

Hozirda aviatsiya bombalari topilgan hududda navbatchilik tashkil etilgan va FVB hamda IIB maxsus otryadlari tomonidan qidiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 7 iyul kuni Namangan viloyati Davlatobod tumani «Yuksalish» mahalla fuqarolar yig‘ini Kushon sanoat hududidan 4 ta butun va 2 ta yarimta yemirilgan aviatsion bombalar topilgani haqida xabar qilingan edi.