Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Atabekovning ma’lum qilishicha, o‘tgan uch oydan ko‘proq vaqt mobaynida respublika bo‘yicha 850 mingdan ortiq nafar fuqaro koronavirusga qarshi to‘liq bosqichda emlangan.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 1 iyul holatiga O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 34 mln 860 ming 170 kishini tashkil etadi. Ushbu ma’lumot asosida hisoblansa, koronavirusga qarshi emlanganlar aholining umumiy sonidan 2,44 foizini yoki 19 yoshdan katta bo‘lganlarning deyarli 4 foizini tashkil etadi.

O‘tgan yilning noyabrida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Botirjon Qurbonov 2021 yilning iyuniga qadar mamlakat aholisining 60 foizini emlash rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan edi.

7 iyul holatiga ko‘ra, koronavirusga qarshi vaksinaning birinchi dozasi 2 mln 680 ming 533 kishi, ikkinchi dozasi — 1 mln 369 ming 932 kishi, uchinchi dozasi — deyarli 442 ming kishi tomonidan qabul qilingan.

Ma’lumot uchun, hozirga qadar Isroilda 55,61%, AQShda 47,42%, Turkiyada 19,17%, Buyuk Britaniyada 49,86%, Rossiyada 12,59%, Qozog‘istonda 11,77 aholi koronavirusga qarshi to‘liq emlangan.

O‘zbekistonda emlash bosqichlari

Birinchi bosqichda aholini emlash COVID-19 yuqtirish xavfi ostida bo‘lgan shifokorlar va 65 yoshdan kattalarni qamrab oldi, 27 apreldan maktab o‘qituvchilari va maktabgacha tarbiya muassasalari xodimlari, 31 maydan chet ellarda tahsil olayotgan talabalar, 22 iyundan 50 yoshdan katta fuqarolar va universitet o‘qituvchilari.

Epidemiologik vaziyatning yomonlashuvi munosabati bilan 25 iyun kuni Toshkentda 18 yoshdan oshgan barcha aholi guruhlariga ixtiyoriy koronavirusga qarshi emlash boshlandi. Bozorlar, supermarketlar, mahallalar va aholi gavjum boshqa joylarda 46 ta emlash punkti ochildi. «Gazeta.uz» muxbiri ulardan birida vaksina olgani haqida yozgan edi.

Avvalroq, O‘zbekistonda uch oy ichida 685,5 ming kishi yoki aholining 2 foizi koronavirusga qarshi to‘liq emlangani haqida xabar berilgan edi.