Samarqand viloyati Ishtixon shahriga kirib borishda 3 nafar fuqaro tomonidan 6 tup zarang va 2 tup shumtol daraxtlari kesilgani aniqlandi, deya xabar bermoqda Ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Ma’lumotga ko‘ra, 7 iyul kuni yo‘l yoqasidagi zarang va shumtol daraxtlari «G‘afur G‘ulom» mahallasida yashovchi fuqaro J.U, «Ravot» mahallasida yashovchi fuqarolar M.D. va I.K.lar tomonidan o‘zboshimchalik bilan motorli arra orqali kesib tashlangan.

3 nafar fuqaroning har biriga nisbatan MJtKning 79-moddasiga (daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish) asosan 1 mln 225 ming so‘mdan jarima hamda 63 mln 700 mln so‘m tabiatga yetkazilgan zararni qoplash uchun kompensatsiya hisoblandi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan qo‘shimcha tarzda surishtiruv va o‘rganish ishlari davom etirilmoqda, deyiladi xabarda.

Avvalroq, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida 109 tup qimmatbaho daraxtlarni ruxsatnomasiz kesib tashlangangani haqida xabar bergan edik. Holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, 2 mln 245 ming so‘m miqdorida jarima belgilanib, o‘simlik dunyosiga 329 mln 157 ming 500 so‘m miqdorida zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘lgandi.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida prezident farmoni bilan daraxtlarni kesishga joriy etilgan moratoriy muddati 2021 yil yakunigacha uzaytirilgan edi.Hujjat bilan har bir kesilgan daraxt va butalar uchun kompensatsiya tarzida 10 tup qimmatliligi jihatidan kesiladigan daraxt va butalardan kam bo‘lmagan, yirik o‘lchamli ko‘chat ekish hamda ularni kamida ikki yil davomida parvarish qilish majburiyati kiritilgan. Shuningdek, noqonuniy kesilgan daraxt va butalar uchun esa uch yil davomida parvarishlash sharti bilan 100 tup ko‘chat ekish majburiy etib belgilanmoqda.