Taksichilik bilan shug‘ullanuvchi YATTlar respublikaning qaysi hududida faoliyatini amalga oshirishidan qat’i nazar 2021 yil uchun har oylik 150 ming so‘m qat’iy va belgilangan miqdordagi ijtimoiy soliqni (245 ming so‘m) to‘laydilar. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi matbuot kotibi Muzaffar Nazarov ma’lum qildi.

Shuningdek, berilgan litsenziya varaqasi bo‘yicha bir yilga 245 ming so‘m miqdorida davlat boji undirilishi ta’kidlandi.

«Bunda 2021 yilda 1 sentyabrgacha YATT sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tganlar uchun davlat boji undirilmaydi», — dedi DSQ matbuot kotibi.

Eslatib o‘tamiz, eksperiment tariqasida yakka tartibdagi tadbirkorlarga 4 ta o‘rindiqli yengil avtotransportda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi berilayotgani haqida xabar bergan edik. 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab YATT sifatida taksi faoliyati bilan shug‘ullanish faqatgina mijozlarni izlash bo‘yicha interaktiv xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyalar (agregatorlar) xizmati orqali amalga oshiriladi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlarga taksi faoliyati bilan shug‘ullanish uchun boshlang‘ich to‘lov 5 barobarga kamaytirilib 690 ming so‘mni, oylik to‘lov 1,5 barobarga kamayib 425 ming so‘mni tashkil qiladi.