Ijtimoiy tarmoqlarda IIB xodimi 80 yoshli otaxonni niqob taqmagani uchun kuch ishlatib IIO FMBga olib ketmoqchi bo‘lgani haqida video lavhalar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan IIBB axborot xizmati izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, 8 iyul kuni soat taxminan 10:40 larda Shayxontohur tumanida yashovchi 49 yoshli Dilmurod M. 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, otasi — 86 yoshli Abdufattoh M. mast holatda uyda janjal ko‘tarayotganini ma’lum qilib, yordam so‘ragan.

Hodisa joyiga yetib kelgan Shayxontohur tumani IIO FMB profilaktika inspektori mayor Ulug‘bek Yaxshiboyev 86 yoshli Abdufattox M.ni IIBga olib borib holatni batafsil o‘rganmoqchi bo‘lgan.

Shu holatda janjalga qo‘shnilar aralashishgan. Vaziyatdan to‘liq xabardor bo‘lmagan (xususan, o‘z o‘g‘li uy ichidagi janjal haqida ichki ishlarga murojaat qilganligi yuzasidan) qo‘shnilar noto‘g‘ri xulosa chiqarib, inspektorning xizmat faoliyatiga to‘sqinlik qilishgan va profilaktika inspektori bilan janjal qilishgan, deyiladi xabarda.

Hozirda mazkur holat yuzasidan qonuniy qaror qabul qilish uchun tekshiruv o‘tkazilmoqda.

«Profilaktika inspektoriga nisbatan Toshkent shahar IIBB tomonidan xizmat tekshiruvi tayinlagan. Uning harakatlari o‘rnatilgan tartib qoidalarga mosligi to‘liq o‘rganilib, qonuniy baho beriladi», — deyiladi xabarda.