8 iyul kuni Moliya vazirligi navbatdagi suveren xalqaro obligatsiyalarini London fond birjasida joylashtirilishini e’lon qildi.

Milliy valyutadagi xalqaro obligatsiyalardan kelib tushgan mablag‘lar Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) moliyalashtirish maqsadida O‘zbekiston uchun BRM obligatsiyalari dasturi doirasida ishlatilishi rejalashtirilgan.

Suveren xalqaro obligatsiyalarning joylashtirilishini samarali tashkil etish maqsadida xalqaro investitsion banklar va yuridik firmalarga o‘z takliflari bo‘yicha so‘rovnomalar (Request of Proposals) yuborildi va raqobatli tanlov asosida bank-anderrayterlar — «Citi» (AQSh), «J.P.Morgan Chase» (AQSh), «Gazprombank» (Rossiya) va «MUFG» (Yaponiya) yuridik konsultant — «Dentons» (Buyuk Britaniya) tanlab olindi.

«Yakkama-yakka» (one-on-one) formatida xalqaro investorlar uchun telekonferetsiya (Global Investor Call) 8−9-iyul kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan va unda AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Daniya va Shveysariya kabi mamlakatlardan xalqaro investorlar ishtirok etishi kutilmoqda.

Avvalroq, 2021 yilda Moliya vazirligi 5 trln so‘mlik g‘aznachilik obligatsiyalarini, shuningdek 700 mln dollarga xalqaro yevrobondlarni chiqarishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.

Iyul oyida boshida Moody’s agentligi O‘zbekistonning kredit reytingini «B1» darajasida saqlab qoldi, biroq «barqaror» prognozini «ijobiy»ga o‘zgartirdi.

Moliya vazirining o‘rinbosari Odilbek Isoqov seshanba kuni «Munosobat» dasturi efirida kredit reytingining yaxshilanishi O‘zbekistonga past foizli stavkalar bilan qarz olish imkoniyatini yaratishini ma’lum qilgan edi.