Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda konseptual qabul qilingan «Reklama to‘g‘risida"gi qonun loyihasi OAV va Mass-mediani qo‘llab-quvvatlash fondining tanqid va noroziligini keltirib chiqargan edi. Fondga ko‘ra, hujjatning hozirgi shaklda qabul qilinishi «mamlakatning butun media bozori moliyaviy barqarorligiga tuzatib bo‘lmaydigan darajada zarar yetkazadi va teleradiokanallar o‘z yillik daromadidan milliardlab so‘m yo‘qotishiga olib keladi».

Amaldagi «Reklama to‘g‘risida"gi qonun 1998 yilda qabul qilingan bo‘lib, undagi moddalar umumiy tusga ega bo‘lgan, hozirgi barcha realliklarni qamrab olmagan, deya qayd etdi parlament quyi palatasi matbuot xizmati.

Qonun loyihasi bilan mobil aloqa tarmog‘i orqali reklama tarqatilishiga faqat iste’molchining roziligi bilan yo‘l qo‘yilishi, dori vositasini taniqli shaxs, tibbiyot xodimi yoki tashqi ko‘rinishi shifokorning tashqi qiyofasiga o‘xshash shaxs ishtirokida reklama qilish, shuningdek, alkogol mahsulotlari reklamasi ta’qiqlanmoqda.

Tarkibida shakar, tuz va yog‘ miqdori yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini reklama qilishni ham ta’qiqlash ko‘zda tutilyapti.

Deputatlar tomonidan Internet reklamani tartibga solish uchun qonunchilikka Internet reklama tushunchasini kiritish, milliy qonunchilikning tatbiq etiladigan hududini aniqlash, O‘zbekistonda Internet reklamani joylashtirishni tartibga solish mexanizmini aniqlab olish takliflari kiritildi.

Kun.uz qonun loyihasi hozirdanoq tadbirkorlarda katta xavotir uyg‘otayotganiga e’tibor qaratdi.

«Bir tomondan, bu orqali iste’molchilarni ushbu turdagi mahsulotlardan, qaysidir ma’noda, himoya qilish niyati ko‘zlangan bo‘lsa, boshqa tomondan o‘z tovarlarini reklama qilish niyatida bo‘lgan soha vakillari faoliyatiga berilgan zarba ham bo‘ladi», — deb yozadi nashr.

Bolalar va reklama

Qonun loyihasining 16-moddasida qayd etilishicha, voyaga yetmaganlar tomonidan iste’mol qilinishi taqiqlangan mahsulotlarni iste’mol qilayotgan yoki ishlatayotgan voyaga yetmaganlarning tasvirlaridan foydalanish taqiqlanadi.

Biroq ushbu talab umumiy xarakterga ega bo‘lib, «lazeyka"larni keltirib chiqaradi. Masalan, voyaga yetmaganlar (18 yoshga to‘lmagan) foydalanmasligi kerak bo‘lgan mahsulotlarning tasdiqlangan ro‘yxati yo‘q. Bunday ro‘yxat bo‘lmay turib, qaysi mahsulot bu kabi toifaga tushishini oldindan bilish imkonsiz, deb yozadi Kun.uz.

Tarkibida qand, tuz va yog‘ miqdori yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari reklamasi

Qonun loyihasida tarkibida shakar, tuz va yog‘ miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlar reklamasiga ham cheklovlar kiritayotgani (42-modda) ham tadbirkorlarning xavotirlarini keltirib chiqarmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari qo‘mitasi raisi, «Milliy tiklanish» fraksiyasi a’zosi Ilhom Abdullayev Aksent loyihasiga bergan intervyusida qaysi mahsulotlar tarkibida shakar saqlashi haqidagi savolga ekspertlarning hech biri javob bermasligini aytdi.

«Ya’ni tarkibida shakar bo‘lgan mahsulotlar — ularning assortimenti juda katta. „Shakar ko‘p“ deganingizda, baribir qandaydir tasnifga murojaat qilishingiz kerak. Va bu tasnifni ham amalga oshirish mumkin emas, chunki har xil maqsadlar va har xil vaziyatlarda ushbu chegaralarni turlicha aniqlash mumkin», — dedi u.

Deputatning fikricha, tarkibida shakar miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlar reklamasini cheklash bilan biz «o‘z oyog‘imizga bolta urgan bo‘lamiz».

«O‘zbekistonda o‘sadigan mevalar ko‘rib chiqilsa, ularning barchasi dunyodagi analoglaridan farq tarkibida shakar miqdori yuqoriligi bilan farq qiladi. Dunyoning hech bir joyida bunday cheklov mavjud emas, biz esa aynan tarkibida shakar miqdori yuqori bo‘lgan mahsulot ishlab chiqaradigan mamlakatmiz… Biz o‘z ishlab chiqaruvchilarimiz uchun to‘siqlar yaratmoqdamiz», — dedi Ilhom Abdullayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘mita ushbu normaga o‘zgartirish kiritishni taklif qilmoqda. Ushbu masala Sog‘liqni saqlash vazirligi va Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi bilan yakuniy uchrashuvda muhokama qilinadi.

«Biz masalani ushbu me’yorlarni qonundan chiqarib tashlashgacha bo‘lgan ko‘rinishda ko‘tarib chiqmoqchimiz… Sog‘lom turmush tarziga odatlantirish masalalari reklama orqali hal qilinmaydi, ularni joriy etishning yanada samarali usullari mavjud. Biz reklamani cheklab, o‘zimizning ishlab chiqaruvchilar va reklama bozorini cheklaymiz», — dedi u.

Ilhom Abdullayev, shuningdek, 1998 yildan beri qonunga tahririy tusdagi yoki har safar reklama bozorini cheklaydigan 15 ta tuzatish kiritilganligini ta’kidladi.

«Birorta ham me’yor yangi bozorlarni, reklamani amalga oshirishning yangi usullarini ochadigan darajada liberal bo‘lmagan edi», — dedi deputat. Uning qo‘shimcha qilishicha, Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari qo‘mitasi «qonundagi barcha cheklovlarni olib tashlash» kayfiyatida.

Kun.uz diyetologlar yordamida tarkibida shakar, tuz va yog‘ miqdori yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari toifasiga shirin ichimliklar, qadoqlangan meva sharbatlari, tayyor nonushtalar, qovurilgan taomlar, konditer mahsulotlari, xususan, pechene va tortlar, glyutensiz mahsulotlar, muzqaymoq, shokoladlar, ishlov berilgan go‘sht (kolbasa mahsulotlari), pishloq, yuqori kaloriyali kofe ichimliklari, shakar qo‘shilgan boshqa har qanday, kundalik iste’mol qilinadigan mahsulotlar reklama qilinishida qat’iy cheklovlar kiritilayotgan mahsulotlar turiga kirishini aniqladi.

Bunda amaldagi normativ hujjatlar orasida tarkibida qand, tuz va yog‘ miqdori yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari topilmagan.

Qonun loyihasida berilgan taqiqlar talqinidan mavhumlik va noaniqliklar ufurib turadi, deb yozadi nashr. Bundan tashqari, reklama sohasini tartibga soluvchi qonunchilikning bu tarzda keskin normalar bilan «boyitilishi» mamlakatdagi tadbirkorlik va ishlab chiqarishning ahvoli, qolaversa, vakolatli organlarining moddiy-texnik bazasi tayyormi, degan savolni o‘rtaga tashlaydi.

Masalan, sog‘liqni saqlash tizimi bu kabi zararli va zararsiz moddalarni tasniflashga qanchalik tayyor? Tarkibida shakar, yog‘ yoki tuz miqdori qanchalik ko‘pligini aniqlovchi laboratoriyalar mavjudmi? Qanday asos bilan bu mahsulotda shakar, yog‘ yoki tuz kam yoxud ko‘p deyish mumkin? Kamlik va ko‘plikning chegarasi qancha bo‘ladi?

Biznes-ombudsman matbuot xizmatining xabar qilishicha, mazkur qonun loyihasi ishlab chiqilishi jarayonida, loyiha tashabbuskori tomonidan Biznes-ombudsman bilan tegishli tartibda kelishilmagan.

Qayd etish joizki, 2021 yil 20 aprelda qabul qilingan «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘rsida"gi yangi tahrirdagi Qonuniga asosan, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga bevosita yoki bilvosita ta’sir ko‘rsatuvchi masalalarga doir loyihalar Biznes-ombudsman bilan majburiy tartibda kelishishi belgilangan.

«Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga mazkur qonun loyihasi bo‘yicha Biznes-ombudsmanning xulosasi talab etilsa, taqdim etilgan loyiha tadbirkorlik faoliyatiga ta’siri nuqtai nazaridan ko‘rib chiqilib, qisqa muddatlarda xulosa berilishi ta’minlanadi», — deyiladi xabarda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 10 dekabr kuni aholi o‘rtasida nosog‘lom turmush tarzi, tarkibida tuz, qand va yog‘ miqdori ko‘p bo‘lgan hamda xamirli taom va nonni me’yoridan ortiq iste’mol qilish holatlari ko‘p uchrashini ta’kidlagan edi. Buning uchun davlat rahbari xususiy sport inshootlari, vorkaut, mini-futbol, badminton, stritbol maydonlari va fitnes zallari barpo etishga tadbirkorlarni jalb qilish bo‘yicha topshiriqlar berdi.