Uch yil oldin JSST ba’zi odamlarning vaksinalarga ishonchsizligi masalasini 2019 yilda hal qilinishi kerak bo‘lgan o‘nta global muammolar qatoriga kiritgan edi. Koronavirus pandemiyasi, so‘ngra emlash uchun dori vositalarining yaratilishi muammoni yanada kuchaytirdi: ayrim fuqarolarning emlanishni istamasligi butun jamiyat hayotiga ta’sir qilmoqda.

Ko‘pgina odamlar ko‘pincha u yoki bu yangiliklarni «uchinchi shaxs orqali» olib, ilmiy asosga ega bo‘lmagan dalillarni keltirishadi.

«Koronavirus yo‘q. Uni vaksinalardan foyda qilish uchun o‘ylab topishgan»

Dunyo bo‘ylab bir-biridan mustaqil bo‘lgan olimlar koronavirus mavjudligini isbotladilar. Pandemiya davomida 4 million kishi infeksiyadan vafot etdi. Virus jiddiy asoratlarni, shuningdek, keyingi hayot sifatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadigan «postkovid sindromi» ni keltirib chiqarishi mumkin.

Jons Xopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil 7 iyulgacha dunyoda 184,6 milliondan ortiq odam koronavirusga chalingan va deyarli to‘rt million kishi vafot etgan.

Olimlar koronavirusni haqiqatdan ham mavjudligiga ishonch hosil qilish uchun uni o‘rganib chiqib bo‘lishgan. «Xabr» nashrining hisob-kitoblariga ko‘ra, har kuni turli mamlakatlarda koronavirus haqida 10 dan ortiq ilmiy maqolalar nashr etiladi. Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, bu SARS-CoV-2 virusi keltirib chiqaradigan o‘tkir nafas yo‘li infeksiyasi hisoblanadi. Virus to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuqtirish yoki organizmning immun reaksiyasi orqali turli organlarga ta’sir ko‘rsatadi. Kasallik ham yengil, ham og‘ir kechishi mumkin, eng keng tarqalgan asorati bu — virusli pnevmoniya.

Koronavirus haqida nashrlar sonining yil bo‘yicha taqsimlanishi. Foto: «Xabr».

Koronavirus paytida tromblar yuzaga kelishi xavfi oshadi, bu esa miokard infarkti, qon tomirlari, tromboz va o‘pka emboliyasining kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, tromblar ko‘pincha semizlik kasalligiga uchragan, yoshi katta, harakatsiz bo‘lgan va saraton kasalliklariga ega odamlarda muammo tug‘dirishi mumkin.

Tadqiqotlardan birida olimlar COVID-19 bilan kasallanganlar va grippga chalinganlarni taqqosladilar. Birinchi infeksiyadan so‘ng o‘lim va bir qator jiddiy kasalliklarning rivojlanish xavfining ortganligi aniqlandi. Masalan, buyrak va yurak yetishmovchiligi hamda kasalliklar 1,5 baravar, nafas olish to‘xtashi deyarli 2 baravar, o‘tkir tromboemboliya va ensefalit xavfi 3 marta oshgan.

Koronavirus bemorlarning taxminan 10−15 foizida «uzoq kovid» (yoki «postkovid sindromi») ga aylanadi. Tanishlarining hech biri kasal emasligi haqidagi dalillarga amal qilish noto‘g‘ri, chunki virusni yuqtirganlar haqidagi ma’lumotlar turli mamlakatlarning davlat va mustaqil nashrlari tomonidan e’lon qilinib boriladi.

Koronavirusga qarshi vaksina haqidagi eng keng tarqalgan feyk va noto‘g‘ri farazlar

Vaksinalar ishlab chiqarilishi boshlanganidan buyon odamlar orasida vaksinatsiya jarayonlari va ularda qo‘llanilayotgan preparatlar haqida turli xil yolg‘on xabarlar tarqalgan. AQShning yirik jamoaviy sog‘liqni saqlash tizimi bo‘lgan NYC Health + Hospitals koronavirus infeksiyasiga qarshi qo‘llanilayotgan vaksinalar haqidagi eng mashhur feyklar va noto‘g‘ri farazlar borasida dalil keltiradi.

Feyk: COVID-19 vaksinalari xavfli, chunki ular juda tez ishlab chiqarilgan.

Haqiqat: Vaksinaning xavfsizligi va samaradorligi ilmiy jihatdan isbotlangan. COVID-19 vaksinalari klinik sinovlardan va xavfsizlik bo‘yicha tekshiruvlardan o‘tgan, ayrimlari hozirgacha sinov jarayonida.

Noto‘g‘ri faraz: COVID-19 vaksinasi juda jiddiy nojo‘ya ta’sir va allergik reaksiyalarga olib keladi.

Haqiqat: Koronavirusga qarshi vaksina boshqa vaksinalar kabi jiddiy bo‘lmagan nojo‘ya ta’sirga olib kelishi mumkin. Charchoq, bosh og‘rig‘i, og‘riq yoki in’eksiya qilingan joyida qizarish va mushak yoki bo‘g‘inlarda og‘riqlar kuzatilishi mumkin. Bunday nojo‘ya ta’sirlar yoqimsiz bo‘lsa ham, ular sizning organizmingiz o‘zini COVID-19 dan himoyalash uchun o‘z faoliyatini boshlaganini anglatadi. Qo‘llanilayotgan vaksina tarkibidagi moddalarga allergik reaksiyalar kuzatilgan odamlar emlanmasligi kerak.

Noto‘g‘ri faraz: Menda COVID-19 ning og‘ir ko‘rinishi bilan kasallanish xavfi yo‘q, shuning uchun menga emlanish kerak emas.

Haqiqat: Kasallik xavfiga qay darajada moyil ekanligingiz muhim emas, chunki siz baribir virusni yuqtirishingiz va uni tarqatishingiz mumkin. Vaksinadan foydalanish imkoniyati kengayganidan so‘ng, imkon qadar ko‘proq kattalarni emlash, jamoaviy immunitetni yaratish, aholini virusdan himoya qilishga yordam beradi.

Feyk: Vaksina tufayli men COVID-19 ga chalinishim mumkin.

Haqiqat: Siz vaksina bilan emlanganingizdan so‘ng vaksina sababli COVID-19 ga chalina olmaysiz. Tasdiqlangan COVID-19 vaksinalarining hech birida tirik virus zarralari mavjud emas. Vaksinada COVID-19 ni yuqtirishga olib keladigan komponentlar ham yo‘q.

Noto‘g‘ri faraz: Men COVID-19 bilan kasallanib, tuzaldim. Menga vaksina kerak emas.

Haqiqat: Siz koronavirusga chalinib, tuzalgan bo‘lsangiz ham emlanishingiz kerak. Mutaxassislar antitanachalar qayta chalinishga qarshi ximoya qila olishi haqida ma’lumotga ega emas. Sizda barcha alomatlar o‘tganidan va sizga tavsiya etilgan izolyatsiya muddati tugaganidan so‘ng emlana olasiz.

Feyk: Vaksina bilan birgalikda odamlarga kuzatuv mikrochiplari joylashtiriladi.

Haqiqat: Vaksinada mikrochiplar yoki kuzatuv moslamalari yo‘q. Ushbu feyk internetda paydo bo‘lgan va bunga vaksinalarda mikrochiplar bor degan yolg‘on da’volar sabab bo‘lgan.

Noto‘g‘ri faraz: COVID-19 ga qarshi emlanganimdan so‘ng, endi niqob taqishim shart emas.

Haqiqat: Emlanishdan keyin siz niqob taqishni davom ettirishingiz va ijtimoiy masofani saqlashingiz kerak. Agar siz emlangan bo‘lsangiz ham, COVID-19 xavfsizlik ko‘rsatmalariga rioya qilishingiz kerak. Vaksina sizni COVID-19 dan himoya qiladi, ammo mutaxassislar siz virusni tashuvchisi bo‘lib qolasizmi va boshqalarga yuqtirishingiz mumkinmi, bilmaydilar.