Andijon xalqaro aeroporti direktori lavozimini egallab turgan Saydullo To‘xtasinov ishdan olingan Jamalov M.D. o‘rniga Samarqand xalqaro aeroporti direktori etib tayinlandi. Bu haqda «Gazeta.uz» ga Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.

Tegishli qaror 6 iyul kuni rais Ra’no Jo‘rayeva rahbarligidagi Uzbekistan Airports boshqaruv kengashining sayyor yig‘ilishida qabul qilindi. Yig‘ilishda, shuningdek, Samarqand aeroportini 2022 yil may oyida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga xizmat ko‘rsatishga tayyorlash masalasi muhokama qilindi.

«Bugun biz yangi direktor tayinladik, bundan keyin biz jamoamizni yirik sammitlar paytida aeroportda xizmat ko‘rsatish tajribasiga ega xorijiy mutaxassislar bilan yanada kuchaytiramiz», — dedi Ra’no Jo‘rayeva.

Uzbekistan Airports rahbari yaqin kelajakda Air Marakanda bilan davlat-xususiy sheriklik shartnomasi imzolanishini e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand aeroporti 80 mln dollar sarmoya kiritishi kerak bo‘lgan Air Marakanda xorijiy kompaniyasi boshqaruviga o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Hukumat kompaniyaga DXSH shartnomasini tendersiz tuzishga ruxsat bergan.

Avval xabar qilinganidek, Samarqandning yangi xalqaro aeroporti 1 sentyabrda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Loyiha yangi yo‘lovchilar terminali, uchish-qo‘nish yo‘lagi va 26 ta samolyotlar turargohlari qurilishini nazarda tutadi. Bugungi kunga kelib, uzunligi 3105 m va eni 60 m bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagining qurilishi yakunlangan.