Moody’s xalaro reyting agentligi O‘zbekistonning uzoq muddatli kredit reytingini «B1» darajasida saqlab qoldi, biroq «barqaror» prognozini «ijobiy»ga o‘zgartirdi, deyiladi agentlik bayonotida.

Progozning o‘zgarishiga mamlakatning institutsional salohiyati yaxshilangani va davlat siyosati samaradorligi ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Agarda bu davom etsa, agentlik reyting o‘sishini qo‘llab-quvvatlaydi.

Bayonotda qayd etilishicha, asosiy tarkibiy islohotlardagi bosqichma-bosqich rivojlanishlar, jumladan, pul-kredit siyosatini takomillashtirish va o‘rta muddatli soliq-byudjet strategiyasining qabul qilingani davlat qarzi o‘sishini cheklaydi. Iqtisodiyot va moliya sektorini ko‘proq raqobat uchun ochadigan va to‘qimachilik sanoati kabi sohalarda mehnat samaradorligini rag‘batlantiradigan islohotlarning keyingi rivoji mamlakatning kreditga layoqatliligi yuqori ekanligini ko‘rsatadi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yildan boshlangan asosiy mahsulotlar narxlari ustidan nazoratni bekor qilish va valyuta operatsiyalarini liberallashtirishga qaratilgan qator tub islohotlar iqtisodiyotdagi mahsuldorlik va raqobatbardoshlikni oshirib bo‘ldi. Moody’s vaqt o‘tishi bilan mazkur choralar iqtisodiy o‘sish va inflyatsion kutilmalarning pasayishiga xizmat qilishini kutmoqda.

Agentlik hukumat COVID-19 pandemiyasiga qaramasdan, islohotlarni davom ettirishini tan oldi. Masalan, davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonun davlat qarzini YAIMning 60 foizi darajasida chekladi.

Moody’s pandemiyadan so‘ng davlat qurilish va investitsiya loyihalari sur’ati tezlashgani, xususiy ichki iste’mol yaqinda koronavirus holatlari o‘sishini hisobga olgan holda bosqichma-bosqich tiklanishi ortidan YAIM o‘sishi 2021 yilda 5,5% gacha va 2022 yilda esa 6,3% gacha ko‘tarilishini kutmoqda.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyodagi qo‘shnilar bilan aloqalarning yaxshilanishi hamda Xitoy va Yevropa Ittifoqi (YeI) bilan savdo aloqalarining kengaytirilishi O‘zbekiston eksportiga qo‘shimcha foyda keltirmoqda. O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqining savdo imtiyozlari dasturiga (GSP+, 2021 yilda tasdiqlangan) kirishi rivojlanayotgan kiyim-kechak va oziq-ovqat sohasiga katta turtki beradi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi GSP+ ning tasdiqlanishi Yeiga to‘qimachilik mahsulotlari eksporti hajmini 2022 yildagi 150 mln dollardan 2025 yilda 1 mlrd dollarga oshirishini kutmoqda.

«Biroq YAIMning 55 foizini tashkil etadigan davlat kompaniyalarining ildiz otgan raqobatbardosh ustunligi iqtisodiy islohotlar uchun to‘siq bo‘lib qoladi. Tartibga soluvchi va soliq islohotlari, ehtimol, kichik biznes uchun biznes muhitini yaxshilaydi va o‘sish potensialini qo‘llab-quvvatlaydi. Umuman olganda, raqobatni bosqichma-bosqich oshirib boradigan va unumdorlikni rag‘batlantiradigan yirik davlat sektorining keng ko‘lamli islohotlari suveren reytingni mustahkamlaydi», — deyiladi bayonotda.

Ijtimoiy dasturlarga, shu jumladan uy-joy qurish, sog‘liqni saqlash va ta’limga sarflanadigan mablag‘lar, ehtimol, 2021 yil oktyabrida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari oldidan yuqori bo‘lib qolishi hamda 2021 va 2022 yillarda asosiy taqchilliklarga (byudjetning sof xarajatlari daromadga nisbatan) olib kelishi mumkin. Shu bilan birga, agentlik 2023 yilgacha dastlabki profitsitga qaytilishini kutmoqda.