«O‘zbekiston temir yo‘llari» avvalroq O‘zbekiston transport vaziri Ma’rufjon Xo‘jayev tomonidan tilga olingan Toshkent xalqa yo‘li yer osti metropoliteni qurilishida 899 mln so‘m talon-toroj qilingani aniqlangani to‘g‘risidagi ma’lumotlarga izoh berdi.

Kompaniya matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, byudjet mablag‘lari talon-toroj qilinmagan, balki 899 mln so‘m qiymatdagi qurilish materiallari noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘rilangan. Xabarda qayd etilishicha, «O‘zbekiston temir yo‘llari» va mutasaddilarining o‘g‘irlikka aloqasi yo‘q.

«O‘TY» ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilda Toshkent metropoliteni yer usti halqa yo‘lining birinchi bosqichi bo‘lgan 11 kilometrlik «Do‘stlik-2» — «Qo‘yliq» uchastkasida qurilish ishlari boshlangan. Ushbu loyiha qurilishi 2020 yilning mart oyida to‘liq tugatilib, foydalanish uchun topshirilishga tayyor edi. Biroq koronavirus pandemiyasi tarqalgani sababli karantin choralari kuchaytirilishi mazkur yo‘nalishning ochilishi noma’lum vaqtga qoldirildi. Qurilishda ishtirok etgan barcha ishchi-xizmatchilar karantin choralari yumshatilgunga qadar o‘zlarini izolyatsiya qilishdi.

«2020 yilning 3 iyul kuni „O‘zbekiston temir yo‘llari“ AJga qarashli „1-sonli Energomontaj poyezdi“ unitar korxonasi xodimlari Toshkent metropolitenining yer usti „Do‘stlik-2“ — „Qo‘yliq“ uchastkasini ko‘rikdan o‘tkazishganda, moddiy tovar (kabel mahsulotlari)ning o‘z joyida yo‘qligi aniqlangan va ushbu holat bo‘yicha zudlik bilan Ichki ishlar vazirligi Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasining huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga ariza shaklida murojaat qilingan», — deya ma’lum qildi kompaniya.

Dastlabki tergov natijalariga ko‘ra umumiy qiymati 899,1 mln so‘mlik kabel mahsulotlari noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘rilangan. Olib borilgan tergov harakati natijalariga ko‘ra, aybdor shaxslar hamda yo‘qolgan moddiy tovar (180,9 mln so‘mlik) topilib, Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga binoan jinoyatchilar o‘rnatilgan tartibda javobgarlikka tortilgan. Bugungi kunda yetkazilgan 180,9 mln so‘mlik zarar aybdorlardan to‘liq undirilgan.

Ayni paytda ushbu holat yuzasidan IIV Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi tomonidan tergov va qidiruv ishlari davom etmoqda.