16:29 da yangilandi. Navoiy IESni gaz bilan ta’minlaydigan gaz quvurini ta’mirlash ishlari yakunlandi, issiqlik elektr stansiyasining energiya bloklari ishga tushirildi, deya xabar berdi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Gaz quvuridagi gaz sizib chiqishi soat 12:45 da bartaraf etildi, kollektorlarni to‘ldirish va Navoiy IESga gaz yetkazib berish soat 13: 15da amalga oshirildi. №№ 8, 9 energiya bloklari va Navoiy IESning bug‘-gaz qurilmalari soat 16:09da umumiy tarmoqqa elektr energiyasini yetkazib berishni boshladi, deya qo‘shimcha qildi vazirlik.


Bugun, 7 iyul kuni soat 05:48da Navoiy issiqlik elektr stansiyasining bug‘-gaz qurilmalarini tabiiy gaz bilan ta’minlovchi 2-tarmoq gaz quvurida gaz sizib chiqish holati yuzaga kelgan. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xabarga ko‘ra, hozirda mazkur nosozlikni bartaraf etish ishlarini xavfsiz bajarish uchun «Navoiy-4» gaz taqsimlash stansiyasi orqali gaz ta’minoti to‘xtatilmoqda. Mazkur ishlarni to‘liq yakunlash jarayonida Navoiy issiqlik elektr stansiyasining 1-son bug‘-gaz qurilmasi vaqtinchalik to‘xtatib turiladi.

Shu munosabat bilan respublikaning ayrim hududlarida elektr energiyasi ta’minotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilishi mumkin.

Energetika vazirligi ta’kidlashiga ko‘ra, iyul oyining birinchi yarmida mamlakatimiz hududida havo haroratining keskin ko‘tarilishi va 6−8 iyul kunlari respublikaning sutkalik elektr energiyasi iste’moli 223 million kilovatt soatgacha yetishi kutilmoqda. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan mavsumning mos davriga nisbatan 23 foizga ko‘pdir.

«Shu bilan birga, respublikamiz suv omborlariga suv kelish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 37 foizga kam yoki ko‘p yillik o‘rtacha suv kelishining 48 foizini tashkil etmoqda. Bu holat gidroelektr stansiyalarning ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining pasayishiga olib kelmoqda», — deyiladi xabarda.

«Shunga qaramasdan, mamlakatimizda elektr stansiyalar orqali rejada ko‘rsatilgan hajmlarda elektr energiyasi ishlab chiqarish choralari ko‘rilmoqda», — deya Energetika vazirligi ta’kidlab, keltirilgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘radi.