Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent metropolitenining bir nechta bekatlarida svet o‘chgani aks etgan video lavhalar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan metropoliten axborot xizmati izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, 7 iyul kuni soat 12:55 — 13:05 oralig‘ida Toshkent shahar elektor taminoti tizimida yuzaga kelgan nosozlik sababli metropolitenining “Chilonzor”, “Yunusobod”, “O‘zbekiston” yo‘nalishlaridagi bekatlarida yorituvchi uskunalar ishlamagan, ekskalatorlar to‘xtagan.

Qayd etilishicha, bu holatda poyezdlar harakati to‘xtamagan, chunki poyezdlarning harakatini ta’minlovchi elektr ta’minoti alohida.

Eslatib o‘tamiz, 7 may kuni metroning halqa yo‘nalishidagi “7-bekat” stansiyasida elektr ta’minotida vaqtinchalik uzilish kuzatilgan edi.

Avvalroq, “Gazeta.uz” 8 aprelda Toshkent metrosining Sergeli yo‘nalishida poyezd texnik sabablarga ko‘ra to‘xtab qolgani, yo‘lovchilar esa estakada orqali evakuatsiya qilingani, 10 aprelda “Pushkin” va “Buyuk ipak yo‘li” stansiyalari o‘rtasida harakatlanayotgan metro vagonining eshigi ochiq qolgani, aprel oxiriga kelib “Novza” metro bekati yaqinida poyezd to‘xtab qolib, yo‘lovchilar bekatgacha relslardan yurib borgani haqida xabar qilgandi.

Mazkur voqealardan so‘ng, 25 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev metrodagi muammolar yechimiga e’tibor qaratgan edi. “Hozir 40 mlrd so‘mlik alohida podstansiya xarid qilyapmiz. Toshkent metropolitenining energiya tizimi alohida bo‘ladi”, — degan edi u.