Buzilishini kutayotgan mahalla Nodira Sulaymonova obyektivida

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida 5 yildan buyon buzilishini kutib yashayotgan mahalla hikoyasi Nodira Sulaymonova fotosuratlarida.

Suratlar tavsifini o‘qish uchun ularning ustiga bosing.
Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani Oltintepa — 10 mahallasi (hozirgi Oltintepa mahallasi), Parkent 4-berk ko‘chasida joylashgan uylar Toshkent shahar hokimining 2018 yil 30 apreldagi 698-sonli qarori bilan buziladigan hududga kiritilgan edi. Ushbu hududdagi buzilish ishlari esa 2016 yilning bahor faslidayoq boshlangan.

O‘sha yilning kuziga kelib xonadonlarning deyarli yarmi yangi uylarga ko‘chib chiqishgan. Ularning uylari buzib tashlanib, allaqachon ko‘p qavatli uylar qurib bitkazildi. Mahalladagi qolgan xonadonlarning taqdiri haligacha nomaʼlum.

Buzilish arafasida turgan mahalla hikoyasi O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi Nodira Sulaymonova fotosuratlarida.
Parkent, Mahtumquli va Ohangaron ko‘chalarini birlashtirib turuvchi yo‘l o‘tkazmasi atrofidagi mahalla.
100dan ortiq xonadon egalari uylari buzilishini kutib yashamoqda.

Ushbu ko‘chaning sobiq nomi «4-tupik Generala Petrova» deya nomlangan. Taxminlarga ko‘ra, bu mahalla ikkinchi jahon urushi tugagandan so‘ng, ayni qiyinchilik davrlarida barpo etilgan. Avvaliga bu yerga urush davrida evakuatsiya qilinganlar joylashtirilgan. Vaqt o‘tib mahalliy aholi ham bu yerga ko‘chib kelishni boshlagan. Hozir bu mahallada yashaydiganlar 90-yillardan keyin ko‘chib kelishgan. Kimdir qurilish qilib, yana kimdir oqlab, ko‘kalamzorlashtirib o‘ziga qulay sharoit qilishga harakat qilgan.

Buziladigan mahalla hududining uch pog'onali ko'prik ustidan olingan surati.
2020 yil karantin choralari kiritilishidan sal oldin ko‘cha bir tekisda o‘rab olingan.
Buziladigan hudud to‘siqlar bilan o‘rab olingan. Hududning yonida yangi qurilgan turar-joy qad ko‘targan. Ko‘p qavatli binolardan “bemalol” mahalla hududini va uning aholisining hayotini tomosha qilsa bo‘ladi.
реклама
реклама
O‘rab olingunga qadar bu yerdagi hovlilar chuqurlikda joylashgan bo‘lgan. Xonadonlar buzilgach, qoldiqlari o‘z yeriga ko‘mildi. Vaqt o‘tib ahvol shunday davom etmoqda. Chap tarafdagi barcha uylarning shu tomondan ko‘rinishi ayanchli va xatarli ko‘rinish olgan.

Hudud berkitilgandan so‘ng bo‘sh yerlar turli xil axlatlarga to‘lyapti.

Mahalla buzilishi aytilganiga roppa-rosa 5 yil o‘tib ham, ayrim xonadonlar taqdiri mavhumligicha qolmoqda. Baʼzilar ijaraga chiqib ketishga majbur bo‘lgan.

Baʼzilar uylarida qurilish-taʼmirlash ishlarini qilgan, boshqalar esa uyi buzilishni kutib, teginmagan, to‘y qilib, oila aʼzolari ko‘paygan bo‘lsa-da, bir uyda siqilib yashashmoqda.
Chap burchakdagi uy ogohlantirishlarga qaramay qurilgan. Sig‘ishmay qolganlar majburligidan uy quryapti. Ularning yangi uyga qachon ko‘chishi maʼlum emas.
Ushbu ikki qavatli uyni qurgan uy egalari hech qachon bu ko‘cha buzilishiga ishonmasa kerak. Boisi bu uy 5 yil ichida qurilgan. Ular qo‘shnilarni issiqqina non bilan siylaydi. Yaqinda uy ichidan kichkina do‘kon ochildi. Savdo-sotiq avjida.
реклама
реклама
Ko‘chishidan umid qilib turgan mahalla ahli hududda 3 pog‘onali ko‘prik qurilishi sababli birdaniga katta yo‘lidan ayrildi. Ishga, o‘qishga 1−1,5 bekat piyoda yurib: kuz-qishda botmon loy kechib Toshkentning nufuzli ofislariga, o‘quv dargohlariga qop-qora “loyabzal”da kirib borishgan. Baʼzi erinmagan qo‘shnilar ikkitalab oyoq kiyimi olib yurgan.

Bahor-yozda qoraygan oyoqlar oppoq bo‘lib ishga, o‘qishga qatnashdi. Bunga uyum-uyum tuproq sabab bo‘ladi: kimningdir yonidan mashina o‘tsa, bir zumda qum bo‘roni bo‘lgandek boshdan oyoq oppoq changga burkanib qoladi. Yillar davomida chang-to‘zon, taqir-tuqur shovqinda yashagan xonadondagilar, endilikda yonginasidagi “dom”dagilarga tomoshaqovoq bo‘lib yashayapti.
Loyli, qumli so‘ng asfalt yotqizilib yana shag‘alli yo‘lga aylanib qolgan ko‘chaning yo‘llari.
Keragidan ortiq sim-kabellarning tartibsiz joylashuvi, mahallada elektr energiyasining o‘chishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarning va shu mahallada joylashgan xonadonlarning elektr taʼminoti bitta tarmoqda bo‘lgani sababli aholi orasida kelishmovchiliklar yuzaga keladi.
O‘yinga to‘ymaydigan bolalar mashinalar kirib-chiqadigan ko‘chaning shag‘alli yo‘llarida yugurib, velosiped uchishmoqda. Atrofda hali qurib bitkazilmagan ko‘p qavatli turar-joy.
Bolalar maydonchasini ko‘rmay, nima ekanligini bilmay o‘sayotgan jajji bolajonlar. O‘ynagani o‘yinchoq, uchgani arg‘imchoq emas, ushlagani – qum!
4-berk ko‘chadan “Issiqsuv” va “Tarnov” ko‘chalari bilan tutash jinko‘cha.
Suratlar muallifi: Nodira Sulaymonova
Fotohikoya mualliflari o‘zlarining ishlariga havolalarni photo@gazeta.uz elektron manziliga yuborishlari mumkin. Xatga syujetlar tavsifi, joyi, sanasi, muallifning to‘liq ismi va bog‘lanish uchun telefon raqamlarini kiritishni iltimos qilamiz.

Biz o‘z manbalarimizda ishlarni notijoriy asosda
eʼlon qilish imkoniyatini ko‘rib chiqamiz.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting