2022 yil 1 yanvardan davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari va o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etiladi.

Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, bu «Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident farmonida ko‘zda tutilgan.

Farmonga asosan, deklaratsiyani berishdan bosh tortish va qasddan noto‘g‘ri ma’lumotlarni kiritish uni davlat xizmatidan chetlashtirishga va javobgarlikka sabab bo‘ladi.

2022 yil 1 yanvardan davlat xizmatchilariga xorijda bank hisobraqamlarini ochish, naqd pul mablag‘larini saqlash va boshqa mol-mulkka ega bo‘lish taqiqlanadi.

Hujjat bilan shuningdek, mansabdorning o‘z shaxsiy manfaati majburiyatlarini obyektiv va xolis bajarishiga ta’sir ko‘rsatuvchi yoki ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan vaziyatlar manfaatlar to‘qnashuvi hisoblanishi ko‘zda tutilgan.

Manfaatlar to‘qnashuvini oshkor qilish va oldini olish bo‘yicha chora ko‘rmaganlik javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Kiritilayotgan tizimga nisbatan aniq talablar «Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida"gi.
va «Manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish to‘g‘risida"gi qonunlarida kelib chiqadi.

Farmon bilan quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihalari ishlab chiqiladi:

  • Jinoyat kodeksida korrupsiyaga oid jinoyatlar toifasiga kiruvchi moddalarning aniq ro‘yxatini belgilash;
  • korrupsiyaviy jinoyatlarga jazoni uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazo chorasigacha keskin kuchaytirish;
  • daromadlar va mol-mulkni deklaratsiyalashda aniqlangan noqonuniy boylik orttirganlik uchun javobgarlik o‘rnatish;
  • korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etganlarga yengillashtiruvchi normalar qo‘llanilishiga cheklovlar belgilash.

Daromadlarni deklaratsiya qilish tizimini joriy etish to‘g‘risida prezident farmoni loyihasi iyun oyida e’lon qilingan. Uning muhokamasi 8 iyulda yakunlanishi kerak edi.

Eslatib o‘tamiz, daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiya nazarda tutadigan davlat xizmati to‘g‘risidagi qonunni 2017 yil sentyabr oyida qabul qilish rejalashtirilgan edi, ammo bu muddat bir necha bor qoldirilgan edi. Sana 2020 yil 1 yanvar va 2021 yil 1 yanvar edi. May oyining oxirida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov prezident davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini dedeklaratsiyailish tizimini joriy etishni tezlashtirish to‘g‘risida ko‘rsatma berganini ma’lum qilgan edi.