Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov «BBC O’zbek» nashriga bergan intervyusida prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyevaning ba’zi tashabbuslarini Gulnora Karimovaning g‘oyalari va loyihalari bilan taqqoslash haqida gapirdi.

«Biz juda ham ko‘p tanqidlarga duch kelamiz. Endi Gulnora Karimovaning ham qilmagan ishi qolmagan ekanda. Nima ishga qo‘l ursak o‘sha ishdan Gulnora Karimova o‘tib ketgan bo‘ladi, bir iz qoldirib ketgan bo‘ladi. Gulnora Karimova bu ishlarni qildi yoki bu ishni qilgan ekan, deb yangi loyihalar paydo bo‘lsa, yangi g‘oyalar paydo bo‘lsa o‘zimizni tiymaymiz», — deydi Komil Allamjonov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Gulnora Karimova qilgan xatolar aslida o‘ziga xos «ko‘rgazma"dir.

«U davr o‘zini davri edi, bu davr o‘zini davri. U paytdagi xatolar bizga ko‘proq bu yo‘lda xato qilishimizga yoki ularning qilgan xatoliklari bizga bir ko‘rgazma, aslida. Biz shu xatolarni qilsak, loyihalarni shunday xatolik bilan qilsak qanday oqibatlarga olib kelishini ko‘rganmiz. Bu bizga saboq. Lekin jamiyat uchun, odamlar uchun biror foydali loyihalar chiqqanda „shuni bir vaqtlar Gulnora Karimova qilgan ekan“, deb biz o‘z yo‘limizda to‘xtamaymiz», — deydi Komil Allamjonov.

2020 yil 31 yanvar kuni Komil Allamjonov Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi, Saida Mirziyoyeva uning o‘rinbosari etib saylandi.

Ma’lumot uchun, Saida Mirziyoyeva prezidentining 5 tashabbusi doirasida loyihalarni amalga oshirgan. U 2020 yilning aprel oyida respublika miqyosida «Xavfsiz yordam» loyihasini ishga tushirdi, uning doirasida COVID-19 pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarga moddiy yordam ko‘rsatildi.

Saida Mirziyoyeva boshchiligida ko‘rish qobiliyatida nuqsoni bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularni Brayl alifbosida chop etilgan darsliklar, badiiy, ilmiy va boshqa zarur adabiyotlar bilan ta’minlashga qaratilgan «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi faoliyat olib bormoqda.