Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash doirasida Angliyada o‘rnatilgan cheklovlar 19 iyuldan butunlay bekor qilinishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda dushanba kuni Londonda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson ma’lum qildi, deya xabar bermoqda TASS.

«Biz qonuniy cheklovlardan voz kechamiz va odamlarga virus bilan qanday kurashish to‘g‘risida o‘zlari asosli qarorlar qabul qilishlariga imkon beramiz, bino ichidagi va ochiq havodagi tadbirlarda odamlar sonidagi barcha qonuniy cheklovlarni olib tashlaymiz, barcha turdagi bizneslarni ochishga ruxsat beramiz, shu jumladan tungi klublarni ham», — dedi Jonson.

Bosh vazirning qo‘shimcha qilishicha, sentyabrga qadar mamlakatning barcha voyaga yetgan aholisi ikki dozali vaksinalar bilan to‘liq emlanadi. «Biz emlash kampaniyamizni kuchaytiramiz va 40 yoshgacha bo‘lgan odamlar uchun dozalar oralig‘ini 12 dan sakkiz haftagacha qisqartiramiz, shunda [qirollikda] 18 yoshdan katta bo‘lganlar sentabr oyining o‘rtalariga qadar vaksinaning ikki dozasini olishlari mumkin bo‘ladi», — deya ta’kidladi Britaniya hukumati rahbari.

Cheklovlarning to‘liq bekor qilinishi, hukumat bundan buyon mamlakat aholisining 85 foizdan ko‘prog‘i yashaydigan Angliya aholisidan niqob taqishni va ijtimoiy masofa choralariga rioya qilishni talab qilmasligini anglatadi. Inglizlar katta guruhlar bo‘lib binoning ichida ham, ochiq havoda ham to‘planishlari mumkin bo‘ladi. Shuningdek, ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalari qayta ko‘rib chiqiladi. Bundan tashqari, hukumat endi ish beruvchilarga tegishli qarorlarni qabul qilish uchun to‘liq vakolat berib, odamlarga uyda ishlash tavsiya etilmaydi.

Jonson shuningdek, hukumat Angliyaga infeksiya tarqalish xavfi yuqori bo‘lmagan davlatlardan kelganidan keyin, to‘liq emlangan sayohatchilarga karantin talab qilinishini tez orada to‘xtatishni e’lon qildi. COVID-19 bilan kasallangan odamlar hali ham o‘zlarini uyda izolyatsiya qilishlari kerak, ammo maktablarda endi bitta o‘quvchida virus aniqlansa, butun sinfni izolyatsiyaga yuborish tavsiya qilinmaydi.

May oyidan buyon Buyuk Britaniyada COVID-19 bilan kasallanish tez sur’atlar bilan o‘sib bormoqda va so‘nggi kunlarda mamlakatda kuniga o‘rtacha 25 mingga yaqin yuqtirish holatlari qayd etilgan. Bu mamalakatda koronavirusning yangi Delta shtammining tarqalishi bilan bog‘liq.