Haftaning katta qismi davomida O‘zbekistonga Eron hududlaridan quruq va issiq havo kirib kelishi davom etadi. Bu haqda O‘zgidromet xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, havo harorati kechalari +25…+27 daraja, kunduz kundari +41…+43 daraja, shimolda, janubda va cho‘l hududlarida +44…+46 darajagacha bo‘lishi kutilmoqda. Bu o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlardan +5…+8 darajaga yuqoridir.

Juma kunidan boshlab respublika hududiga Volga bo‘yi hududlaridan deyarli salqin havo massalari kirib kelishi boshlanadi va issiq asta-sekin pasayishni boshlaydi. Juma kuni kunduzgi harorat +37…+40 darajagacha pasayadi va faqat janubiy hududlar bo‘yicha +42…+44 darajani tashkil etadi.

Qoraqalpog‘iston hududi bo‘yicha harorat payshanba kunidan pasayishni boshlaydi va juma kuni havo harorati +32…+37 darajani tashkil etadi.

Dam olish kunlari O‘zbekistonning barcha hududlarida haroratning pasayishi davom etadi.

Haftaning boshida va oxirida O‘zbekistonning ayrim tog‘ oldi va tog‘li hududlarida momaqaldiroq bilan mahalliy yomg‘ir yog‘ishi ehtimoldan holi emas, seshanba kuni kechga tomon esa Toshkent viloyatining tekislik hududlari bo‘yicha biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Hafta davomida respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol 15−20 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.

«Gazeta.uz» avvalroq O‘zbekiston hukumati iyul oyining birinchi yarmida mamlakatga issiq havo oqimi kirib kelishi munosabati bilan shoshilinch choralar ko‘rishga kirishgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek, SSV quyosh urganda birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Issiqdan saqlanish uchun havoni yaxshi o‘tkazib, quyosh nurini qaytaradigan, tanaga yopishmaydigan kiyimlarni kiyish kerakligi aytildi. FVV eng issiq vaqt — 12:00 dan 16:00 gacha ko‘chaga chiqmaslikni tavsiya qildi.