Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 iyul kuni Tojikiston Respublikasi prezident Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.

Qayd etilishicha, mintaqada Afg‘oniston yo‘nalishidagi ahvolning yomonlashishi va keskinlikning kuchayishi bilan bog‘liq vaziyatning rivojlanishiga alohida e’tibor qaratildi. Yaqin idoralararo muvofiqlashuvni davom ettirish muhim ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, davlat rahbarlari bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarni, shu jumladan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvini o‘tkazish rejasini ko‘rib chiqdilar.

Tojikiston prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Afg‘oniston bilan chegaradagi vaziyat juda keskin deb baholandi.

Tomonlar xavfsizlik sohasida, xususan Afg‘oniston bilan chegarani qo‘riqlashni kuchaytirishda kuch ishlatar tuzilmalar va huquqni muhofaza qilish idoralari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada muvofiqlashtirishga tayyorligini tasdiqladilar.