O‘zbekiston prezidenti 2 iyul kuni «davlat xaridlari shaffofligini ta’minlash va samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Hujjatga muvofiq, 5 iyuldan davlat kompaniyalaridan iborat korporativ buyurtmachilar davlat xaridlarini amalga oshirishda xarid qilish tartib-tamoyillarini o‘tkazish to‘g‘risidagi e’lonlar va davlat xaridlari natijalari to‘g‘risidagi axborotni maxsus axborot portali hamda OAVda joylashtiradi. Ular uchun individual tarzda prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlariga muvofiq belgilangan davlat xaridlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki tender savdolarini o‘tkazmasdan amalga oshirishning mavjud tartiblari bekor qilindi.

Korporativ buyurtmachilarga quyidagilar kiradi:

  1. «Navoiy GMK» AJ;
  2. «Navoiyuran» DK;
  3. «O‘zbekneftgaz» AJ;
  4. «O‘zmetkombinat» AJ;
  5. «O‘zkimyosanoat» AJ;
  6. «Navoiyazot» AJ;
  7. «Farg‘onaazot» AJ;
  8. «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ;
  9. «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ;
  10. «Hududgazta’minot» AJ;
  11. «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ;
  12. «Uzbekistan Airways» AJ;
  13. «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ;
  14. «Olmaliq GMK» AJ;
  15. «O‘zbektelekom» AK;
  16. «O‘ztransgaz» AJ;
  17. «O‘zavtosanoat» AJ;
  18. «O‘zbekgidroenergo» AJ;
  19. «O‘zbekko‘mir» AJ;
  20. «Uzbekistan Airports» AJ;
  21. «O‘zbekgeofizika» AJ;
  22. «O‘zikkilamchiranglimetall» AJ;
  23. «Davlat belgisi» DUK;
  24. Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi «Geoltexta’minot» DK.

Ro‘yxatga davlat xaridlari jarayoni alohida tartibda nazorat qilinadigan quyidagi byudjet buyurtmachilari ham kiritilgan:

  1. Sog‘liqni saqlash vazirligi;
  2. Suv xo‘jaligi vazirligi;
  3. Xalq ta’limi vazirligi;
  4. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi;
  5. Maktabgacha ta’lim vazirligi;
  6. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi;
  7. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi.

Hujjat bilan bosh vazir Abdulla Aripov raisligida Davlat xaridlari ochiq va shaffof amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha respublika komissiyasi tashkil etildi. Komissiyaga bir oy muddatda qiymati 1 mln dollardan yuqori bo‘lgan shartnomalarni, shu jumladan import shartnomalarini xatlovdan o‘tkazib, maqbullashtirish choralarini ko‘rish topshirildi. Komissiya, shuningdek, davlat xaridlarining ochiq va shaffof o‘tkazilishi, davlat buyurtmachilari tomonidan qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan tizimli nazorat o‘rnatadi.