Yoshlar kitob va gazetalarga ko‘proq qiziqish bildirishlari uchun O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlarni bir oyga to‘sib qo‘yish kerak. Bu haqda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov 3 iyul kuni Chortoq tumani yoshlari bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

2 iyul kuni «O‘zkomnazorat» O‘zbekistonda «mamlakat fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlashda qonun talablarini buzganligi» sababli bir qator ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish cheklanganligi haqida xabar qilgan edi. Xabarda aynan qaysi ijtimoiy tarmoqlar ekani aytilmagan, ammo Twitter, TikTok va VKontakte hamda Skype messenjeri ishlashida uzilishlar kuzatilmoqda.

Viloyat hokimi ushbu xabarga munosabat bildirar ekan, ijtimoiy tarmoqlarni bir oyga bloklab qo‘yishni taklif qildi.

«Qaysi bir yosh otamizning oldiga borib, bir soat gaplashib o‘tira oladi? Bir soat gaplashib o‘tira olmaydi, ammo internetda ikki soat, yarim kun, bir kunlab qolib ketadi. Judayam buzilib ketayapti», — dedi hokim.

Shavkatjon Abdurazzoqovning fikricha, «yoshlarimiz ko‘proq kitobga o‘tirishlari kerak, internetga emas, haligi o‘yinlarga emas».

«Sportga o‘tirishi kerak. Ota-onasidan duo olishga o‘tirishi kerak. Astoydil bo‘lishi kerak», — dedi hokim. Ishi yurishmayapti… Nega ishi yurishmayapti? Bekorchi. Befoyda xabarlar bilan miyasini to‘ldirib olgan", — deya ta’kidladi viloyat hokimi.

Namangan viloyati hokimi ayrimlarning chet eldan turib qilayotgan murojaatlariga minglab foydalanuvchilar izoh qoldiradi, mamlakatda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarini esa oddiy holatdek qabul qilishadi.

«Bitta betini yuvmagan chet eldan turib murojaat qilsa, hamma o‘shani… ming to‘rt yuz nechtayam kommentariy bo‘ladi. Buyoqda davlatimizda qilinayotgan ishlar, prezident tashabbuslari bilan qilinayotgan ishlar, yo‘llar, suvlar, maktablar, bog‘chalar, balnitsalar qurilayapti. U narsalarni hamma oddiy holatday qabul qilib, „Ha qilish kerak-da“, — deb qo‘yaqoladi. Qanday qilish kerak? Oldin ham, 26 yil hech narsa qilinmadi-ku. Besh yilda qancha o‘zgarish? Odamlar, endi hamma yoq ochiq bo‘lib ketsa, osmondagi oyni talab qilishni boshlashadi», — dedi u.

Hokimning fikricha, ko‘proq kitobga, gazetaga e’tibor qaratish kerak

«Hozir ham, masalan, nimaga Amerika, Hindiston qattiq rivojlanayati? Har kuni, ko‘chada yotganlar ham, bir paket gazeta olib o‘qiydi. Men o‘zim ko‘rganman ko‘zim bilan. Hindistonda ko‘chadagi uysizga ham gazeta tarqatadi. Gazeta o‘qib, ish axtarib, harakat qiladi», — dedi u.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev mamlakat fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlashda qonunchilik talablarini buzganliklari uchun ijtimoiy tarmoqlar faoliyatiga cheklovlar kiritishni ko‘zda tutgan qonunni befoyda deb atadi.

«Fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlarini muhofaza qilish bahonasi bilan internetdagi ommabop tarmoqlarni cheklashga urinishdek ko‘rinayotgan bu ish ko‘proq salbiy oqibatga olib kelishi mumkin. Masalan, foydalanuvchilar ommaviy ravishda cheklovlarni chetlab o‘tuvchi VPN kabi dasturlardan foydalanishni boshlaydi, nazorat butkul yo‘qoladi. Kamiga fuqarolarni qonunbuzarga aylanishga majbur qilamiz», — dedi parlamentariy.

Deputat mazkur qarorni tankka qarshi ketmon bilan jang qilishdek «axborot asri»dagi juda kulguli va absurd deb atadi.

«Fuqarolarning mulk huquqi buzilsa jimlik, uyidan xaydalsa jimlik, yeri majburan olib qo‘yilsa jimlik, fermer sarson yursa jimlik…Lekin uning shaxsga doir ma’lumotlarini muxofaza qilishga kelganda keskin choralar… G‘alatimasmi?» — degan savolni o‘rtaga tashladi deputat.

2021 yil boshida prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlarini mamlakat hududida majburiy saqlashni ko‘zda tutgan qonunni imzolagan edi.