Davlat aktivlarini boshqarish agentligi «Toshkent yog‘-moy kombinati» AJ nazorat paketini sotuvga qo‘ydi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar qildi.

Gap 55,96 foizlik davlat ulushi yoki 4 mln 436 ming 581 ta aksiya haqida ketmoqda. Bir dona aksiyaning boshlang‘ich narxi — 24 225,59 so‘m, aksiyalar paketining umumiy boshlang‘ich narxi — 107,47 mlrd so‘mni tashkil etmoqda.

«Toshkent yog‘-moy kombinati» AJ 1994 yilda 1966 yilda tashkil etilgan Toshkent yog‘-moy kombinatini xususiylashtirish natijasida tashkil etilgan.

Korxona «Moya mechta», «Dushka», «Polyana», «Kudesnitsa», «Dvoryanskoye», «Mayona» va boshqa nomlar ostida o‘simlik yog‘i va saryog‘, margarin, mayonez va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqaradi.

Kompaniyaning moliyaviy hisobotidan kelib chiqilsa, kompaniya 2020 yilni 4,2 mlrd so‘m miqdorida sof zarar bilan yakunladi, bir yil oldin esa u 2,3 mlrd so‘m, 2018 yilda esa 3 mlrd so‘m foyda ko‘rgan. 2021 yilning birinchi choragida zarar 1,8 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registriga ko‘ra, investorlar orasida bir qancha xususiy kompaniyalar ham bor. Masalan, Britaniyaning Globotech Solutions (10,32%) va 2017 yilda o‘z ulushining 12,79 foizdan 29,6 foizgacha oshirgan yana bir Britaniya kompaniyasi Northlux Management.