2 iyul kuni Olmaliq shahridagi OKMK sport majmuasida “Yoshlar — bizning kelajagimiz!” shiori ostida tadbir tashkil etildi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi xabar bermoqda.

Tadbirda ishtirok etgan Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov tomonidan Tokio-2020 yozgi Olimpiya hamda Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalarni qo‘lga kiritgan bir guruh Toshkent viloyatidan bo‘lgan sportchilarga uy, Spark rusumli avtomobillar hamda pul mukofotlari topshirildi.

Foto: Turizm va sport vazirligi.

Jumladan, tadbirda parasuzish sportidan Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan Islam Aslanovga 2 xonali uy, taekvondo WT bo‘yicha terma jamoa a’zosi Svetlana Osipova hamda yunon-kum kurashchisi Elmurod Tasmuradovlarning har biriga Spark avtomobili, paralimpiyachilar Shahnoza Mirzayeva hamda Haitmurod Sherqo‘ziyevlarga 50 million so‘mdan pul mukofoti, O‘zbekiston chempionati sovrindori Saidjabbor Dadaxonovga esa zamonaviy sport velosipedi sovg‘a qilindi.

“Gazeta.uz” muxbirining xabar berishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev 30 iyun kuni bo‘lib o‘tgan Yoshlar bilan uchrashuvda Olimiya va Paralimpiya o‘yinlarida qatnashadigan sportchilarni musobaqadan avval ham kayfiyatini ko‘tarish kerakligi haqida aytgan edi.

“Nega ularni faqat oltin medal olib kelganida yozish kerak? Nimaga oltin medal olishga she’rlar yozilmaydi? Kitoblar chiqarilmaydi? Nimaga oilalariga rahmat demaymiz? Nimaga mahallalariga borib duv-duv gap qilmaymiz? Nimaga o‘qigan maktabiga borib rahmat aytmaymiz? Yozish kerak, albatta.

Xudo xohlasa biz yaxshi niyatlar qilaylik, ular medal olib keladi. Lekin [musobaqaga] borguncha nomzod bo‘lganlari uchun yozsak bo‘ladiku. Kitoblar chiqarsak bo‘ladi. Katta-katta ma’ruzalar chiqarsak bo‘ladi. Yoshlar ishlari agentligi borib o‘qigan maktablarida portretlarini osib qo‘ysa bo‘ladi. Nega qilmaydi? Shuning uchun, ularga yaxshi niyatlar bilan ko‘p istaklarimiz bor. Ularning [Olimpiadaga] borib kelishi uchun qaror qabul qildik. Ularning sonini kelajakda 100 ta emas, 1000 ta qilish kerak", — deydi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari Yozuvchilar uyushmasi hamda Yoshlar ishlari agentligi ularga minnatdorchilik va hozirdan kayfiyatini ko‘tarish kerakligi bo‘yicha topshiriq bergan edi.

“Shoirlar she’r aytishi kerak. Qancha ularni e’tirof etsak ularda g‘alabaga ehtiyoj paydo bo‘ladi”, — deya qo‘shimcha qiladi prezident.

Avvalroq, prezident qaroriga ko‘ra, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida oltin medal olgan sportchilar uchun 200 ming, kumush medal uchun 100 ming va bronza medal uchun 50 ming AQSh dollari berilishi haqida xabar berilgan edi.