10 kun avval koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi 28 iyundan boshlab O‘zbekistonda karantin choralarini kuchaytirish bo‘yicha qaror qabul qildi. Cheklovlar bundan oldin ham mavjud edi, ammo ularga to‘laqonli rioya qilinmas edi. «Gazeta.uz» muxbiri Og‘abek Samisov cheklovlar kuchaytirilishiga qaramasdan, bo‘layotgan holatlar ushbu qarorga aks ekanligiga e’tibor qaratdi.

30 iyun kuni Toshkent Botanika bog‘ida Yoshlar forumi o‘tkazildi va unda prezident Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi. Bo‘lib o‘tgan tadbirdan foto va videolavhalarga e’tibor qaratilganida, barcha ishtirokchilarning niqobda ekanligini ko‘rish mumkin.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Keyinroq Yoshlar ishlari agentligi Toshkentdagi Yoshlar va talabalar forumining barcha ishtirokchilari koronavirusga test topshirganini ma’lum qildi. «Ishtirokchilar vaksina qilinishi rejalashtirilgan edi, lekin emlashdan keyin tana harorati ko‘tarilishi sababli vaksinatsiya o‘tkazilmagan», — deyiladi agentlik bayonotida.

Respublika maxsus komissiyasining qarori 25 iyun kuni e’lon qilindi. 28 iyun — aynan cheklovlar kuchga kirishni boshlagan kuni esa Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev viloyatda ko‘ngilochar obyektlarning ish vaqtini 22:00gacha uzaytirishni taklif qildi. 29 iyun kuni ma’lum qilinishicha, viloyatda 28 iyundan restoran, tungi klublar, diskoteka, karaoke, bilyard zallari va kompyuter o‘yinlari markazlari hamda kafe, oshxona, choyxonalarni ishlashiga soat 8:00 dan 22:00 gacha ruxsat berildi.

Shu o‘rinda Respublika maxsus komissiyasiga savol tug‘iladi: Har bir viloyat yoki shahar (tuman) rahbari o‘z hududi uchun karantin cheklovlarini mustaqil belgilashi mumkinmi? Bunda qabul qilingan qaror kim tomonidan nazorat qilinadi?

Avvalroq «Gazeta.uz» Maxsus komissiyaning o‘zi hozirgacha barcha qarorlari e’lon qilinadigan va xronogolik tartibda saqlanadigan rasmiy sayti yo‘qligi, komissiyaning qarorlari turli idoralar tomonidan va turli manbalarda, shu jumladan Telegram messenjerida e’lon qilinishi haqida yozgan edi.

Maxsus komissiyaning yana bir qarori turli bahsli holatlarga sabab bo‘lmoqda. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Farg‘ona viloyatining Quva tumanida sodir bo‘lgani aytilgan videoda, ovqatlanish obyektida 20:00 dan keyin yetkazib berish uchun ham ruxsat yo‘qligi tilga olingan. Videolavhada qarorni o‘qib bergan shaxsning ta’kidlashicha, ovqatlanish obyektlarida ish faoliyati 20:00 gacha davom etishi kerak. «Dostavkaga ruxsat degan joyi yo‘q bu yerda», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Toshkent shahrida ko‘pgina obyektlarda mazkur xizmat turi soat 20:00dan keyin ishlayapti. Respublika maxsus komissiyasining qarorlari yagona rasmiy saytda e’lon qilinmasligi va ba’zi holatlar bo‘yicha aniq tartib belgilanmasligi karantin cheklovlarining turli hududlarda turlicha talqin qilinishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘tgan yili bloger Muhrim A’zamxo‘jayev ushbu masala bo‘yicha o‘zining telegram-kanalida yozgan edi.

«Bilmadim, o‘tgan olti-yetti oy ichida Respublika maxsus komissiyasining saytini ochib, butun qaror-parorlarini o‘sha yerga yuklab, keyingi qarorlarni ham o‘sha yerda chiqadigan qilib borsa bo‘lardi. Bardak», — deya fikr bildirgan edi u.

U 2020 yil 1 oktyabrdan boshlab to‘yxonalarda to‘y o‘tkazishga ruxsat berilgani haqida 28 oktyabr kuni e’tibor qaratgan edi. «Lekin bu haqda shu vaqtgacha hech qayerda rasman e’lon qilinmagan — na haligi Koronavirusinfo kanalida, na Leksuzda, na O‘zAda, na Sog‘liqni saqlash vazirligi, na Transport vazirligi kanallarida, xullas, Respublika maxsus komissiyasining qaror va topshiriqlari e’lon qilinishi mumkin bo‘lgan biror manbada e’lon qilinmagan», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Toshkent shahar hokimligi 1 iyul kuni poytaxtdagi «O‘zekspomarkaz» ko‘rgazma majmuasi bazasida, shuningdek «Universal» va «Yoshlik» sport majmualaridagi koronavirus bemorlar uchun taqsimlash markazlari qayta ochilayotgani haqida ma’lum qildi. 1 va 4 iyul kuni e’lon qilingan videolavhalarda shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev mas’ullarga tegishli topshiriqlarni berib, majmualarni ko‘zdan kechirayotganini ko‘rish mumkin.

Respublika maxsus komissiyasi 28 iyundan boshlab ko‘ngilochar obyektlar 20:00 gacha ishlashi haqida e’lon qilgan edi. Komissiya qarorida keltirilgan ko‘ngilochar obyektlarga istirohat bog‘lari va sayilgohlar kiradimi yoki yo‘q, bu ham tushunarsiz. Chunki qator istirohat bog‘larida ommaviy konsertlar, tadbirlar o‘tkazilmoqda.

30 iyun kuni «Ashxobod Sayilgohi» istirohat bog‘i 23:00 gacha ish faoliyatini davom ettirayotgani haqida ma’lum qildi. Shuningdek, sayilgohda 1 iyuldan 4 iyulgacha konsert dasturlari bo‘lib o‘tdi. Mazkur konsertlarning barchasi 19:30 dan boshlangan.



Shuningdek, 30 iyun kuni «Turkiston» saroyining yozgi maydonida GUF, MACAN, Xcho kabi reperlar ishtirokida konsert bo‘lib o‘tdi.

Foto: Afisha.uz

Fotolardan konsert ishtirokchilari niqob taqmaganiga va ijtimoiy masofaga rioya qilmayotganligini ko‘rish mumkin.

Aynan ushbu konsert dasturidan 2 kun o‘tib GUF Instagram stories`da koronavirusga chalinganiga ishora qildi.


Mazkur holat to‘g‘risida «Vechernyaya Moskva» va cosmo.ru nashrlari ham xabar berdi.

Bir shaharning o‘zida ikki xil vaziyatga guvoh bo‘lish mumkin. Shahar hokimi koronavirus bemorlari davolanishi uchun mo‘ljallangan joylarni ko‘zdan kechirdi. Boshqa joyda esa tadbirlar kechqurun ham bo‘lib o‘tmoqda.

2 iyul kuni Olmaliq shahridagi «OKMK» stadionida «Yoshlar kuni»ga bag‘ishlangan gala-konsert tadbiri o‘tkazildi. Toshkent viloyati hokimligining ta’kidlashicha, Olmaliq shahar SEO va JS bo‘limi tomonidan tadbir o‘tadigan hudud atrofidagi joylarda, jami 2110 kv. m maydonda to‘liq dezinfeksiyalash-zararsizlantirish ishlari olib borilgan.

Qolaversa, tadbir ishtirokchilari — volontyorlar oralig‘i 1,5 metrdan bo‘lishi tashkil etilib, ular ham tibbiy niqoblar bilan ta’minlangani ma’lum qilingan. Tadbirda jami 10 000 dona tibbiy niqob tarqatilgan, 21 litr antiseptik vositalari ishlatilgan

Foto: Olmaliq shahar hokimligi

Shahar hokimligi tomonidan e’lon qilingan fotolarda esa oraliq masofa saqlanmagan holatni ko‘rish mumkin.

4 iyul kuni Buxoro viloyatining Romitan tumanida MMA bo‘yicha «ATF Championship»ning ikkinchi turniri bo‘lib o‘tdi.

Foto: Sports.uz

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Mazkur musobaqadagi suratlarga e’tibor qaratilsa, mehmon va muxlislar uchun ajratilgan joylar orasida masofa saqlanmagani, shuningdek, niqobsiz kishilarni ko‘rish mumkin.

Avvalroq, Buxoro hokimi Botir Zaripovning koronavirusga chalingani ma’lum bo‘lgan edi. Hokimlik ma’lumotlariga ko‘ra, Botir Zaripov 27 iyun kuni Buxoro shahridagi «Xo‘ja Mushkin» hamda «Zarafshon» mahalla fuqarolar yig‘inining obodonlashtirishdan keyingi ochilish marosimlarida qatnashgan.

Foto: Buxoro viloyati hokimligi

Lavhalardan ko‘rinib turibdiki, hokim niqobsiz bo‘lgan, fuqarolarning qo‘lini siqib, masofa saqlamagan.

Toshkent shahar IIBB axborot xizmati 4 iyul kuni jamoat joylarida tibbiy niqobsiz bo‘lish holatlari yuzasidan tuzilgan bayonnomalar sonini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, 985 ta shunday holat aniqlangan (3 iyul kuni 964 ta).

2020 yil 25 martdan boshlab jamoat joylarida tibbiy niqobsiz bo‘lganlarni jarimaga tortish bo‘yicha qaror qabul qilingan edi. Ushbu qarorga o‘sha paytdan beri o‘zgartirish kiritilganligi haqida rasman e’lon berilgani yo‘q. Lekin karantin choralari yumshatilgan davrda ko‘chalarda niqobsiz yurgan fuqarolar hech kim tomonidan to‘xtatilmadi, ular jarimagan solinmadi.

Ma’lumot uchun, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lish — bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravarigacha (1 mln 225 ming so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

22 iyun kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi Maxsus komissiya qaroriga binoan niqobsiz fuqarolar jamoat transportiga qo‘yilmasligi haqida xabar berdi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» Toshkentda niqob rejimiga yo‘lovchilarning faqat bir qismi rioya qilayotganligiga e’tibor qaratgan edi. Aksariyat odamlar niqoblarni iyagiga tushirib oladi yoki ularni umuman taqmaydi.

Eslatib o‘tamiz, 4 iyul kuni O‘zbekistonda 4 nafar koronavirus bemori vafot etdi, 475 ta yangi kasallanish holatlari qayd etildi.

Avvalroq, Zangiotadagi 2 ming kishiga mo‘ljallangan kasalxonada 2,5 mingdan ortiq bemor koronavirusdan davolanayotgani, bo‘sh koyka-o‘rinlar qolmagani sabab kasalxonaga bemorlarni qabul qilish to‘xtatilgani haqida xabar berilgan edi.

SSV 2 iyuldan boshlab ayni vaqtda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan bemorlar soni haqida ma’lumot bermayapti.

Og‘abek Samisov tayyorladi