Koronavirusga qarshi emlangan talabalarga kontrakt to‘lovida 10%lik chegirma beriladi. Bu haqda SSV axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Respublika maxsus komissiyasining qarorlari bilan koronavirusga qarshi umumiy emlash ishlariga jalb etilgan aholi guruhlari qatori kengaytirildi.

Unga ko‘ra:

  • 18 yoshdan katta bo‘lgan Samarkand va Toshkent viloyati aholisini, shuningdek, imkoniyatdan kelib chiqib, boshqa hududlardagi 18 yoshdan katta aholi qatlamini o‘zlari biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida ixtiyoriy ravishda emlash belgilandi;
  • O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatura, magistratura, klinik ordinatura bosqichlarida tahsil olayotgan 18 yoshdan katta bo‘lgan talabalarni davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan koronavirusga qarshi ixtiyoriy ravishda ommaviy emlash belgilandi.

Shuningdek, koronavirusga qarshi ixtiyoriy ravishda emlangan to‘lov kontrakt asosida o‘qiydigan talabalarga tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, 2021−2022 o‘quv yili uchun bazaviy to‘lov kontraktiga 10 foiz miqdorida bir martalik chegirma bonusi beriladi.

Avvalroq, 18 yoshdan katta bo‘lgan Toshkent shahri aholisini hamda OTM professor-o‘qituvchilarini bepul koronavirus infeksiyasiga qarshi ommaviy emlash boshlangani haqida xabar berilgan edi.