Koronavirusga qarshi ZF-uz-VAC2001 o‘zbek-xitoy vaksinasining uchinchi bosqich klinik sinovlari natijalari yil davomida ma’lum bo‘ladi, deb «Gazeta.uz»ga xabar berdi professor, biologiya fanlari doktori, innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Shahlo Turdikulova.

Shahlo Turdikulova. Foto: shaxsiy arxivdan.

Ushbu vaksinaning O‘zbekistondagi klinik sinovlarining III bosqichi o‘tgan yilning dekabr oyida boshlangan va mart oyining boshiga qadar davom etgan. Sinovlarda 7000 kishi ishtirok etdi. Ko‘ngillilarning yarmi vaksinani, qolgan yarmi esa — platsebo (preparat shaklida tayyorlangan, biroq tuzatish xususiyatlariga ega bo‘lmagan, bemorning o‘zini-o‘zi ishontirishi orqali tuzalishiga undovchi vosita) qabul qildi. Klinik sinovlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti nazorati ostida amalga oshirilmoqda, deb ishontirmoqda vazir o‘rinbosari.

Shahlo Turdikulovaning so‘zlariga ko‘ra, klinik sinovlarning barcha ishtirokchilari pul olishgan. Tadqiqot o‘tkazilgan shaxslarning ahvoli nazorat qilib borilmoqda. Call-centr har kuni barcha ishtirokchilarining sog‘lig‘ini nazorat qilish maqsadida qo‘ng‘iroq qilib chiqadi. Bundan tashqari, ko‘ngillilar antitana mavjudligini tekshirish uchun muntazam test topshirib turibdi.

Avvalroq yozganimizdek, uchinchi faza klinik sinovlari natijalariga ko‘ra preparatning kasallikka qarshi samaradorligi aniqlanadi. Ko‘ngillilar tabiiy sharoitda kuzatib boriladi, vaksina va platsebo olganlar o‘rtasidagi kasallanganlar soni hisoblanadi.

Shahlo Turdikulovaning ta’kidlashicha, mutaxassislarning tahminiy hisob-kitoblariga ko‘ra, ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi 95−97 foizga kasallikning jiddiy rivojlanish xavfini kamaytiradi. Inson tanasining asta-sekinlik bilan antitanachalarni ishlab chiqarishi sababli bunday natijaga uchinchi in’eksiya olinganidan ikki hafta o‘tib erishiladi.

«Himoya davomiyligi organizmning individual ko‘rsatkichlariga bog‘liq. Kimdadir antitana birinchi dozadan keyinoq ishlab chiqarila boshlaydi, kimdadir esa — faqat uchinchi dozadan keyin. Shuning uchun barcha uchta in’eksiyani olish majburiy, qolaversa, uch dozadan so‘ng himoya uzoqroq saqlanib qoladi», — dedi Shahlo Turdikulova.

Olimlarning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, shu jumladan, hayvonlarda o‘tkazilgan sinovlar natijalariga muvofiq, emlashdan keyin organizm tomonidan ishlab chiqariladigan antitanalar ikki yilgacha kasallikni oldini oladi. Boshqacha qilib aytganda, ehtimol, ikki yil davomida qayta emlanishga hojat qolmaydi.

Bugungi kunga kelib, dunyo bo‘ylab hech bir vaksina klinik sinovlarining uchinchi fazasi yakunlanmadi. Shunga qaramasdan, ko‘plab mamlakatlarda aholini ommaviy ravishda emlash ishlari amalga oshirilmoqda. Mamlakatlar klinik sinovlarning so‘nggi bosqichini bir vaqtning o‘zida yakunlash sharti bilan vaksinadan favqulodda foydalanishga ruxsat bermoqda, chunki, dunyo hozir favqulodda vaziyatda, deya tushuntirdi Shahlo Turdikulova.