Senat raisi Tanzila Narbayeva jurnalistlar bilan o‘tkazilgan shanba kungi uchrashuvda davlat idoralarining ochiqligi hanuz muammoli masalalardan biri ekanini ta’kidladi, deb xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

«Davlat idoralarining ochiqligi hozir baribir muammoli masala bo‘lib turibdi. Hali 100 foiz ochildi deya olmayman. Garchand hokimlarda televideniye orqali muloqotlari tez-tez ko‘rinib turibdi, vazirlar ham chiqayapti. Davlat idoralari vakillari o‘rganmagan edi, ularda televideniyada chiqish ko‘nikmalari umuman yo‘q edi. Ular ham o‘rganayapti», — dedi u.

U shuningdek, jurnalistlar yoritayotgan masalalar yuzasidan munosabat bildirish tizimi talabga javob bermasligini aytib o‘tdi.

«Sizlar [OAV vakillari] ko‘tarib chiqadigan qandaydir dolzarb voqealar bo‘yicha darhol munosabat bildirish, joyiga chiqib o‘rganib, uni hal qilish, agar noto‘g‘ri ma’lumot bo‘lsa, uni ham asoslab aytib berish bo‘yicha hali ishlarimiz talab darajasida emas», — dedi yuqori palata raisi.

Uning so‘lariga ko‘ra, Senatda yangi tashkil etilgan Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi aynan davlat idoralarida ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha ish olib boradi.

«Senatning qoshida yangi qo‘mita tashkil qildik. U axborot siyosati va davlat idoralarida ochiqlikni ta’minlash masalalari bilan shug‘ullanadigan parlament qo‘mitasi bo‘ladi. Ijro organi o‘zi qilaversa bo‘ladi-ku, deb aytishingiz mumkin. Lekin, ijro organi hech qachon o‘z aybini o‘zi aytmaydi. O‘zining qilmagan ishini o‘zi tan olmaydi. Shuning uchun, parlament nazorati organi sifatida bizda shu qo‘mita tashkil qilindi», — dedi Tanzila Narbayeva.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘mitaga bilimli, tajribali jurnalist Farhod Boqiyev rahbar etib saylangan.

Avvalroq, Senat raisi «OAVlarni ishiga aralashib, u noto‘g‘ri, bu to‘g‘ri deyish davlatning ishi emas» deya ta’kidlagan edi.