AQSh Davlat departamenti turli davlatlarning odam savdosiga qarshi qanday kurashayotgani baholangan 2021 yilgi Odam savdosi to‘g‘risidagi hisobotini e’lon qildi. Hisobotda mamlakatlar AQShning odam savdosi qurbonlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonuni (Trafficking Victims Protection Act, TVPA) bo‘yicha minimal standartlar asosida baholangan va uch toifaga ajratilgan.

Yangi hisobotda O‘zbekiston ikkinchi toifaga (Tier 2) kiritilgan bo‘lib, undan hukumatlari TVPA minimal standartlariga to‘liq rioya etmayotgan, biroq ularga amal qilish uchun jiddiy choralarni ko‘rayotgan davlatlar o‘rin olgan.

«O‘zbekiston hukumati odam savdosini bartaraf etish bo‘yicha minimal standartlarni to‘liq ado etayotgani yo‘q, biroq buning uchun jiddiy choralarni amalga oshirmoqda. Hukumat, COVID-19 pandemiyasining odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha imkoniyatlariga ta’sirini hisobga olgan holda, o‘tgan hisobot davriga nisbatan sa’y-harakatlarining umumiy o‘sishini namoyon etdi, shuning uchun O‘zbekiston ikkinchi toifaga kiritildi», — deyiladi hisobotda.

2018 yildan buyon O‘zbekiston alohida kuzatuv olib boriladigan ikkinchi toifadagi davlatlar toifasidan (Tier 2 Watch List) o‘rin olib kelmoqda. 2020 yilda mamlakat o‘rnini uchinchi toifaga tushirish kutilayotgan edi, biroq istisno qilindi.

AQSh fikriga ko‘ra, O‘zbekiston hukumatining bu boradagi sa’y-harakatlari odam savdosi to‘g‘risidagi yangi qonunning qabul qilingani, Jinoyat kodeksiga birinchi jinoyatdayoq bolalar mehnati uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha tuzatish kiritilgani, katta miqdorda odam savdosi qurbonlarining aniqlangani kabi choralarni o‘z ichiga oladi. Hisobotda, shuningdek, O‘zbekiston hukumatining Suriya, Iroq va Afg‘onistondagi qurolli mojarolar hududidan yuzlab ayollar va bolalarni repatriatsiya va reintegratsiya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlari, pandemiya davrida qariyb yarim million ishsiz migrantlarni ishga joylashtirish bo‘yicha choralari ham tilga olingan.

Biroq, hisobotda qayd etilishicha, hukumat ayrim muhim masalalarda minimal standartlarga rioya qilmagan.

«Ayrim tumanlardagi mahalliy hukumat milliy qonunchilikda paxta ishlab chiqarishga kvota bekor qilinganiga qaramasdan, ushbu amaliyotni joriy etishda davom etmoqda <...>. Hukumat mehnat qonunchiligini buzganlik uchun mansabdor shaxslarni jarimaga tortishda davom etayotgan bo‘lsa ham, ketma-ket to‘qqizinchi yildirki, majburiy mehnat bilan bog‘liq jinoyatlarga sheriklik uchun mas’ul mansabdor shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortayotgani yo‘q. Majburiy mehnatni, birinchi marta sodir etilganida, ma’muriy huquqbuzarlik sifatida malakalovchi amaldagi qonunlar samarali ijroni cheklab kelmoqda», — deyiladi hisobotda.

Hisobotga ko‘ra, 2020 yilda O‘zbekistonda odam savdosi bilan bog‘liq 93 ta ish bo‘yicha 566 ta tergov olib borilib, jinsiy ekspluatatsiya bo‘yicha 51 ta, bolalar ekspluatatsiyasi bo‘yicha 39 ta va majburiy mehnat bo‘yicha 3 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ushbu ishlarda 129 kishi gumonlanuvchiga aylangan. 93 ta qo‘zg‘atilgan ishning 23 tasi chet elda sodir etilgan jinoyatlar bilan bog‘liq.

O‘tgan yili odam savdosi ayblari bilan 100 kishi jinoiy javobgarlikka tortilgan, shulardan 50 nafari jinsiy ekspluatatsiya, 6 nafari majburiy mehnat va 44 nafari «voyaga yetmaganlarni sotish» ayblovlari bilan. sud tomonidan odam savdosi bilan shug‘ullangan 100 nafar shaxsning 33 nafari ozodlikdan mahrum qilish, 35 nafari uy qamog‘iga, 1 nafari axloq tuzatish ishlari va 20 nafari shartli qamoq jazosiga hukm qilingan. 4 mahkumning hukmlari noma’lum, 7 nafari amnistiya asosida chiqarilgan.