3 iyul kuni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva OAV vakillari bilan uchrashib, ularni 27 iyun — matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabatini bilan tabrikladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlatning oldida turgan eng asosiy vazifalardan biri — OAV vakillarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish holatlariga batamom chek qo‘yishdan iborat.

Shu o‘rinda, Senat raisi Shavkat Mirziyoyevning 27 iyun munosabati bilan soha xodimlariga yo‘llagan tabrigida bildirilgan taklifni yodga oldi. Unda, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga davlat idoralari va tashkilotlarining mansabdorlari tomonidan OAVlar ijodiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish, senzura o‘rnatish, bosim va tazyiq o‘tkazish, materiallar va zarur texnik vositalarni g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘yish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalarni kuchaytirish lozimligi qayd etilgan edi.

«Hozir biz buni [hujjat loyihasi] ustida ish boshladik. Sizlarning (OAVlar nazarda tutilmoqda — tahr.) faoliyatingizga aralashishga, sizlarga ko‘rsatma, yo‘nalish berishga hech kimning haqqi yo‘q. Men har doim davlatni vazifasi birinchi navbatda shart-sharoit yaratib berish, qo‘llab-quvvatlash deyman. Lekin, OAVlarni ishiga aralashib, ularga bunaqa yoz, unaqa yoz, u noto‘g‘ri, bu to‘g‘ri deyish davlatning ishi emas. Chunki, so‘z erkinligi, oshkoralik bizni hayotimizda tanlab olgan asosiy tamoyillarimizdan biri», — dedi Tanzila Narbayeva.


U OAV vakillarini tabriklar ekan, O‘zbekiston jurnalistikasini butun dunyoga tanitishda omad tilab, esdalik sovg‘alarini topshirdi. «Biz har doim sizlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligimizni bildiraman», — dedi u.