2 iyul kuni O‘zbekicton tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Vashington shahrida Amerika Qo‘shma Shtatlarining Afg‘onistondagi yarashish masalalari bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Tomonlar afg‘on mojarosini hal qilishning hozirgi holati istiqbollarini hamda mintaqada tez muddatlarda tinchlik o‘rnatishga ko‘maklashuvchi choralarni muhokama qilishgan.

Afg‘onlararo muzokaralarni kelgusida ham qo‘llab-quvvatlash va mintaqaviy savdoni rivojlantirish, investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, Afg‘onistonni mintaqaviy jarayonlarga integratsiyalashuvini tezlashtirishga o‘zaro intilishning mavjudligi ta’kidlandi, deyiladi xabarda.

AQShning Afg‘onistondagi yarashish masalalari bo‘yicha maxsus vakili joriy yil 15−16 iyul kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusidagi yuqori darajali xalqaro konferensiya ishida ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.

Avvalroq, AQSh Markaziy Osiyo mamlakatlaridan 9000 ga yaqin afg‘onlarni vaqtincha qabul qilishni so‘ragani haqida yozgan edik.