AQSh prezidenti Jo Baydenning ma’muriyati Markaziy Osiyodagi uchta davlatdan NATO chiqib ketgunga qadar «Tolibon»dan qochishga harakat qilayotgan AQSh bilan ishlagan 9 mingga yaqin Afg‘oniston fuqarosini vaqtincha joylashtirishni so‘radi. Bloomberg bu boradagi muzokaralardan xabardor bo‘lgan ikki manbaga asoslanib xabar bermoqda.

Nashrning aniqlik kiritishiga ko‘ra, AQSh Qozog‘iston, Tojikiston va O‘zbekistonga amerikalik harbiylarga yordam bergan afg‘onlarni qo‘shinlarni olib chiqish jarayoni tugashigacha qabul qilishni so‘rab murojaat qilgan.

«Ushbu kelishuv Afg‘oniston bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha kengroq bitimning bir qismi bo‘ladi. O‘zbekiston hamda Tojikiston tashqi ishlar vazirlari shu hafta Vashingtonda bo‘lib turibdi va tomonlar AQSh ularning hududidan razvedka, kuzatuv va rekognossirovkani olib borishiga imkon beradigan bitimni muhokama qilmoqda», — deb yozadi nashr.

Associated Press juma kuni xabar berishicha, AQSh harbiylari Afg‘onistondagi eng yirik avibazasi Bagramni tark etib, uni «isyonchilarning yangi hududlarni egallashini to‘xtatish uchun kurashayotgan» Afg‘oniston mudofaa kuchlariga topshirgan. Hozirda «Tolibon» guruhi mamlakatning 400 tumanining yarmini nazorat qilmoqda, deb ta’kidlaydi Bloomberg.

«Prezident Jo Baydenning prezident Ashraf G‘ani va Afg‘oniston Milliy yarashuv Kengashi raisi Abdulloh Abdullohga bergan, Afg‘oniston kuchlari uchun milliardlab dollarlik harbiy va moliyaviy yordamni taqdim etishni davom ettirishi haqidagi va’dasiga qaramay, Afg‘oniston yetakchilari barcha chet el kuchlari chiqarilgandan so‘ng, bo‘lib o‘tishi muqarrar bo‘lgan fuqarolik urushi yoki hukumat qulashidan qo‘rqishadi», — deya ta’kidlaydi nashr.

Avvalroq, Oq uy ma’muriyati yigirma yillik mojaro paytida AQSh harbiy kuchlari bilan hamkorlik qilgan va «Tolibon» ning repressiyasidan qo‘rqqan afg‘onlarga immigratsion vizalarni berishni tezlashtirishga va’da bergan edi. Buni AQShda ishlaganlarga qochqin maqomini olish uchun ariza berish imkoniyatini beruvchi maxsus immigrant viza (SIV) dasturi orqali amalga oshirish rejalashtirilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, SIV uchun 18 mingga yaqin ariza berilgan, jarayon hozirgacha ulardan faqat 9000 nafari uchun boshlangan. Al Jazeera aniqlik kiritishicha, bu raqamlar ushbu shaxslarning viza uchun ariza bergan turmush o‘rtoqlari va farzandlarini hisobga olmaydi, ularning soni 70 ming kishi atrofida.

Al Jazeera nashrining yozishicha, iyun oyida tolibon G‘arbga ishlaganlarga hujum qilmaslikni va’da qilishdi, lekin NATO qo‘shinlari bilan ishlaganlar «o‘tmishdagi harakatlari uchun tavba qilishlari va kelajakda bunday harakatlarda ishtirok etmasliklari kerak, chunki bu islom va mamlakatga xiyonatga teng bo‘ladi».Tolibon afg‘onlarni mamlakatda qolishga chaqirdi va o‘z guruhlarini qasos olish uchun o‘ldirishdan tiyilishga chaqirdi.

AQSh prezidenti Jo Bayden aprel oyining o‘rtalarida Amerika qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqarilishi 1 may kuni boshlanishini e’lon qilgan edi. Jarayon 11 sentyabr -«Al-Qoida»ning Jahon savdo markazi va Pentagonga hujumining 20 yilligiga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan.