O‘zbekistonda bir nechta ijtimoiy tarmoqlar faoliyati vaqtinchalik cheklandi, deya xabar bermoqda “O‘zkomnazorat” axborot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida” gi Qonunining 27−1-moddasi (O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishning alohida shartlari) talablariga zid ravishda O‘zbekiston fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berilayotgani uchun ayrim ijtimoiy tarmoqlar 2 iyuldan “Shaxsga doir ma’lumotlar subyektlari huquqlarini buzuvchilar reyestri"ga kiritildi.

Internet tarmog‘ida mazkur resursdan respublika hududida foydalanish o‘rnatilgan tartibda, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar cheklandi.

“O‘zkomnazort” axborot xizmati aynan qaysi tarmoqlarga cheklov qo‘yilgani haqida ma’lumot bermagan. Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari Twitter, VKontakte tarmog‘ida media fayllar yuklanmayotgani, TikTok tarmog‘ida uzilishlar kuzatilayotgani haqida yozishmoqda. Skype tarmog‘i ham ishlamayotgani aytilmoqda.

Avvalroq, “O‘zkomnazorat” “VKontakte”, Twitter va WeChat ijtimoiy tarmoqlarida o‘zbekistonliklarining shaxsiga doir ma’lumotlarga qonun talablariga zid ravishda ishlov berilayotgani uchun “Mail.ru Group”, “Twitter Inc” va “Tencent-Inc” kompaniyalariga ko‘rsatmalar berilgani haqida ma’lum qilgandi.

30 iyun kuni prezident Alisher Navoiy, Amir Temur, Motamsaro ona haykallari yonida ayrim tiktokerlar tomonidan sodir etilgan noma’qul harakatlar uni ranjitganini aytib, ularni tanqid qilgan edi.