Payshanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tkazilgan videoselektorda davlat aktivlarini xususiylashtirish sohasida amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarga to‘xtab o‘tildi, deb xabar bermoqda davlat rahbarining matbuot xizmati.

Ta’kidlanishicha, joriy va kelgusi yilda davlat ulushi bo‘lgan korxonalar sonini kamida 3 barobar qisqartirish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

«Bu boradagi ishlar o‘z samarasini berib, joriy yilning birinchi yarmida 478 ta davlat mulki 1,1 trln so‘mga sotildi», — deyiladi xabarda.

Videoselektorda amalda qilinadigan ishlar hali ko‘pligi qayd etilgan. Xususan, sotilishi belgilangan 556 ta mulkdan 288 tasi savdolarga chiqarilmagani aytilgan.

Shuningdek, davlat korxonalari va banklari ixtiyorida ularning asosiy faoliyatiga xos bo‘lmagan 511 ta obyekt haligacha sotilmasdan turgani tanqid ostiga olingan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, shu yili 900 dan ortiq davlat mulki sotuvga qo‘yilishi aytib o‘tildi.

Bundan tashqari, mazkur yig‘ilishda endi davlat mulklarini «1 so‘m» qiymatda savdoga chiqarish, yer uchastkalarini investitsiya majburiyati bilan sotish amaliyoti bekor qilinib, ular bozor bahosida elektron savdolarga chiqarilishi ma’lum qilindi.

Avvalroq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi shu yilning yanvar-may oylarida «E-auksion» elektron savdo maydonchasi orqali 127 ta davlat mulki obyekti va davlat ulushlari sotilganini qayd etgandi.