Shu kunlarda Fransiya poytaxti Parij shahrida gender tenglik masalalariga bag‘ishlangan «Tenglik avlodi» xalqaro forumi bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur forumda Oliy Majlis Senati raisi, Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva ishtirok etib, nutq so‘zladi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar bermoqda.

Fuqarolik jamiyati bilan hamkorlikda Fransiya va Meksika raisligidagi «BMT-Ayollar» tuzilmasi tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirda xorijiy davlatlar rahbarlari, jahon parlamentlari, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati vakillari, yosh yetakchilar va xususiy sektor vakillari ishtirok etmoqda.

Forumda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda xotin-qizlar holatini yaxshilash uchun qonunchilik bazasi yaratilgani, 2030 yilgacha O‘zbekistonda gender tenglikka erishish strategiyasi tasdiqlangani ta’kidlandi.

Shuningdek, «ayollarni rahbarlik lavozimlariga ko‘tarish, ularning reproduktiv salomatligini mustahkamlash, bandligini ta’minlash hamda tazyiq va zo‘ravonlikdan davlat tomonidan himoya qilish bo‘yicha maqsadli ishlar olib borilmoqda, muhtojlarni uy-joy bilan ta’minlash dasturi amalga oshirilayotgani» haqida to‘xtalib o‘tildi, deyiladi xabarda.

«Tenglik avlodi: xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va teng huquqli kelajak» kampaniyasi doirasida 2030 yilgacha gender tenglikka erishish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi, deya qayd etdi Senat matbuot xizmati.

Ma’lumotga ko‘ra, tadbir doirasida 100 dan ortiq virtual tadbirlar o‘tkaziladi va yakunida «Harakatlar koalitsiyasi: Gender tenglikni tezlashtirish dasturi» qabul qilinadi.

Ta’kidlanishicha, «Tenglik avlodi» forumida ko‘p qirrali harakatlar koalitsiyalari yaratildi, gender zo‘ravonlik, iqtisodiy adolat, reproduktiv huquqlar va salomatlik, iqlim sohasida adolatni qo‘llab-quvvatlash uchun xotin-qizlar faoliyati, texnologiyalar va innovatsiyalar, feministik harakatlar va yetakchilik bo‘yicha aniq va o‘lchanadigan natijalarga besh yil ichida erishish uchun ular hukumatlar, fuqarolik jamiyati hamda xususiy sektorni birlashtiradi.

Koalitsiyalarga 30 ga yaqin mamlakat va 70 dan ortiq turli tuzilmalar, shu jumladan BMT agentliklari, fuqarolik jamiyati muassasalari, yoshlar uyushmalari, xususiy kompaniyalar va davlat xayriya tashkilotlari, birlashgan koalitsiyalar qo‘shilgan. Harakatlar koalitsiyasi doirasida O‘zbekiston xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, reproduktiv salomatlikni mustahkamlash va gender zo‘ravonlikni bartaraf etish majburiyatini o‘z zimmasiga oldi, deyiladi yuqori palata bayonotida.