Toshkent shahrida deyarli 900 mln so‘m kredit mablag‘larini noqonuniy ravishda ko‘lga kiritgan shaxs aniqlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

O‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro S.S. «R.L.» va «O.N.» MCHJlarni norasmiy ravishda yuritib kelgani ma’lum bo‘lgan. Aniqlanishicha, S.S. ushbu jamiyat rahbarlari va boshqalar bilan oldindan til biriktirib, 34 nafar fuqarolarni go‘yoki mazkur jamiyat ishchilari sifatida rasmiylashtirgan.

Departament qayd etishiga ko‘ra, S.S. mazkur fuqarolarning xabardorligisiz tijorat bank filiallari orqali «Joyda» mobil ilovasi yordamida 897 mln so‘m onlayn-kredit mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan va olingan kreditning 769,7 mln so‘mini qaytarmasdan, o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborganligi aniqlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.