Markaziy bankning Pul-kredit siyosati departamenti mutaxassisi Ruslan Yakovlev O‘zbekistondagi ko‘chmas mulk bozori haqida umumiy ma’lumotni taqdim etdi.

Ko‘chmas mulk bozori iqtisodiyotdagi narxlarning holati to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot manbalaridan biri, iqtisodiy faoliyat va yalpi talab indikatori hisoblanadi. Shu munosabat bilan inflyatsiya va narxlar o‘sishidagi asosiy omillarni o‘rganish doirasida O‘zbekistondagi ko‘chmas mulk bozorini muntazam ravishda tadqiq etish zarurati o‘sib bormoqda, deyiladi sharhda.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, ishbilarmonlik muhiti jonlanishi bilan ko‘chmas mulk bozori ham o‘sishga intiladi. Shu bilan birga, uy-joylarga talabning o‘sishi muayyan vaqt oralig‘idagi oldi-sotdi operatsiyalari (notarial idoralar orqali ro‘yxatdan o‘tkazilgan) sonini qiyosiy tahlil qilish yordamida aniqlanadi.

Kuzatuvlar shuni ko‘rsatmoqdiki, apreldan iyunga qadar O‘zbekistonda ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari bo‘yicha yanvar-mart oylariga qaraganda 38 foiz ko‘proq bitimlar tuzilgan. Ularning uchdan bir qismi Toshkent hissasiga to‘g‘ri keladi.


Tuzilgan ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlarining umumiy sonida O‘zbekiston hududlarining ulushi. Manba: e-notarius.uz — Adliya vazirligining «Elektron notarius» rasmiy sayti.

Shu bilan birga, ikkilamchi bozorda uy joylar narxlarining o‘sayotgani qayd etilmoqda. Joriy yilning II choragidagi dastlabki natijalar shuni ko‘rsatmoqdaki, respublika bo‘yicha narxlar o‘tgan chorakka nisbatan o‘rtacha 5,72 foizga o‘sgan. Ushbu sezilarli o‘sish O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida kuzatilmoqda, dedi Ruslan Yakovlev.

O‘zbekiston hududlarida ko‘chmas mulk uchun o‘rtacha narxlar (har kvadrat metr uchun ming so‘m). Manba: uybor.uz va olx.uz ko‘chmas mulk platformalari ma’lumotlari asosida muallifning hisob-kitoblari

Pandemiya va karantin davridagi majburiy cheklovlar rejalashtirilgan xaridlarning keyinroqqa qoldirilishiga olib keldi («kechiktirilgan talab effekti»), bu iqtisodiyotdagi iste’molchilik talabining pasayishiga va jamg‘arma faolligining oshishiga olib kelishi mumkin, deb hisoblaydi mutaxassis.

Bundan tashqari, valyuta kursining nisbiy barqarorlashuvi sharoitida ko‘chmas mulk bozori, daromad olishning muqobil manbasi sifatida, tadbirkorlar va yetarlicha jamg‘armaga ega aholi qismi uchun yuqori daromadli sarmoya manbasiga aylandi.

Muallifning fikriga ko‘ra, ko‘chmas mulk bozori talabgorlarning faollashishi, poytaxtda uy-joy sotib olishdagi ma’muriy to‘siqlarning bekor qilingani ham narxlarning ko‘tarilishiga ta’sir ko‘rsatdi.

Ma’lumot uchun: pandemiya davrida barcha tartibga soluvchi organlar — ham rivojlangan, ham rivojlanayotgan mamlakatlarda — pul siyosatini mos ravishda yumshata boshladilar, bu mablag‘larning aktivlarga, shu jumladan ko‘chmas mulkka yo‘nalishiga sabab bo‘ldi. O‘sib boruvchi inflyatsiya butun dunyoda investorlar va aholini tashvishga soladigan asosiy masalaga aylanganda, ko‘chmas mulkka himoyalangan aktiv sifatida qaraladi. Shu sababli, markaziy banklar ko‘chmas mulk bozoridagi narxlarning o‘zgarishini diqqat bilan kuzatmoqdalar.

Uy-joy bozorining haddan tashqari yuqori baholanganini tushunish muhim hisoblanadi. Ko‘chmas mulk o‘rtacha narxlarining mutlaq ko‘rsatkichi eng past darajadagi davlatlardan biri bo‘lsa ham, hayot darajasi hisobga olinsa, uy-joylar narxi MDH davlatlari va Gruziyaga nisbatan yuqoriligicha qolmoqda.

Shunday qilib, O‘zbekiston poytaxtidagi ko‘chmas mulk o‘rtacha narxining aholi jon boshiga YAIMga nisbati (sotib olish qobiliyati pariteti (SOQP)da) 12% ni tashkil etadi. Bu Moskva (Rossiya) — 15,8% va Bishkek (Qirg‘iziston) — 13,4% dan keyingi uchinchi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Eng past ko‘rsatkichlar Nur-Sulton va Tbilisida — mos ravishda 3,3% va 6,4%ni tashkil etadi.

2021 yil may-iyun oylarida dunyo shaharlarida ikkilamchi bozordagi uy-joylar uchun o‘rtacha narxlar * (AQSh dollari). Manba: worldbank.org (SOQP bo‘yicha aholi jon boshiga YAIM), numbeo.com (uylarning o‘rtacha narxi). * Shunga o‘xshash ko‘rsatkich — ko‘chmas mulk narxlarining aholi jon boshiga YAIMga nisbati, Globalpropertyguide tadqiqot kompaniyasi mutaxassislari tomonidan dunyodagi ko‘chmas mulk bozorini tahlil qilishda foydalaniladi.

Yuqoridagi omillar aholi jon boshiga daromadlari yuqori bo‘lgan mamlakatlarning poytaxt shaharlariga nisbatan Toshkentdagi narxlarning nisbatan yuqori ekanligiga guvohlik berishi mumkin.

Qayd etish joizki, poytaxtda ko‘chmas mulk narxlari sezilarli darajada qimmat bo‘lishiga qaramasdan, mazkur bozordagi narxlar so‘nggi 12 oy ichida keskin narx tebranishlarisiz shakllandi.

Quyida keltirilgan diagramma o‘rtacha narxlar 1 kv m uchun 6,4−6,7 mln so‘m chegarasida ekanini ko‘rsatmoqda, o‘rtacha narxlar 2−3 foiz atrofida o‘sgan.

Toshkent ikkilamchi uy-joy bozoridagi narxlarning blokli diagrammasi (ming so‘m). Manba: muallifning dom.vsem.uz ko‘chmas mulk savdosi sayti ma’lumotlari asosidagi hisob-kitoblari.

Dunyo bo‘yicha ko‘chmas mulk narxlarining o‘sishi

COVID-19 ga qarshi kurashish uchun mamlakatlar tomonidan belgilangan qat’iy choralar dastlab uy-joy mulkdorlari xaridorlarini ikkilantirib qo‘ydi va uy-joy bozori bir muddat to‘xtab qoldi.

Biroq o‘tgan yilning uchinchi choragida shakllangan kechiktirilgan talab tufayli u tiklana boshladi. Shu sababli butun dunyoda uylar narxi yuqori sur’atlarda o‘sib bormoqda.

Bunday ma’lumotlar 2021 yilning birinchi choragida ikkilamchi uy-joy ko‘chmas mulk narxlari indeksini yangilagan Knight Frank xalqaro konsalting kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, 12 oy davomida uy-joy ko‘chmas mulk bozorlari o‘zlarining barqarorligini namoyish etishda davom etishdi va narxlarning o‘rtacha o‘sishi 2021 yilning martigacha kelib 7,3% ga yetdi (o‘tgan yilning shu davrida +4,4%, o‘tgan chorakda + 5,6%).

Dunyo bo‘yicha ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorlaridagi o‘rtacha narxlar (yillik o‘zgarish, %). Manba: Knight Frank Research

Narxlarning eng ko‘p yillik o‘sishi Turkiyada qayd etildi — 32%, biroq inflyatsiya hisobga olinsa, mamlakatda narxlarning real o‘sishi yiliga taxminan 16%ni tashkil etadi. Turkiyadan tashqari, ikkilamchil bozordagi ko‘chmas mulklar narxi asosan rivojlangan mamlakatlarda, jumladan, Yangi Zelandiya (22%), AQSh (13%), Shvetsiya (13%), Avstriya (12%) va Kanadada (11%) kuzatilmoqda.

2021 yilning birinchi choragida o‘rganish olib borilgan 56 mamlakatdan 12tasida narxlarning ikki xonali o‘sishi kuzatildi. Ko‘chmas mulk bozorida «pufakchalar» paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun bir necha mamlakat hukumatlari narxlarni ushlab turish choralarini ishlab chiqmoqdalar.

Masalan, joriy yilning yanvar oyidan boshlab Xitoy, Yangi Zelandiya va Irlandiya rasmiylari vaziyatni tartibga solish uchun kreditlash qoidalarini kuchaytirish va ko‘p martalik xaridlar uchun gerb yig‘imi miqdorining ko‘tarilishi kabi qator choralarni ko‘rdi. Xitoy milliy mulk solig‘ini joriy etishni ham muhokama qilmoqda. Hukumatlarning aralashuvi va soliq-byudjet bo‘yicha rag‘batlantirish choralarining ko‘rilishi natijasida joriy yil so‘ngiga borib bir qator bozorlarda talab sekinlashishi mumkin.

Biroq qayd etish joizki, bir qancha yirik iqtisodiyotga ega davlatlarda ko‘chmas mulk narxlarining o‘sishi sekinlashmoqda. Masalan, Italiya (1,6%), Hindiston (-1,6%) va Ispaniyada (-1,8%) (6-rasm) 2021 yilning birinchi choragida bir yil avvalgiga nisbatan narxlar o‘sishi pastroq bo‘lgan. Bu ushbu mamlakatlarda bugungi kunda yanada qat’iyroq cheklovlar o‘rnatilgani va ortiqcha taklif mavjudligi bilan izohlanmoqda.

Ayrim davlatlarda ko‘chmas mulklarning o‘rtacha narxlari (o‘zgarish o‘tgan chorakka nisbatan %da). Manba: Knight Frank Research

Sharhdagi ma’lumotlar muallifning shaxsiy fikri bo‘lib, Markaziy bankning rasmiy pozitsiyasiga mos kelmasligi mumkin.