Toshkentda koronavirus bemorlari uchun taqsimlash markazlari qayta ochilmoqda

Toshkentdagi “Yoshlik” va “Universal” sport majmualari hamda “O‘zekspomarkaz"da joylashgan koronavirus bemorlari uchun taqsimlash markazlari faoliyati qaytadan yo‘lga qo‘yilmoqda. Poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev markazlarni dushanba kuniga qadar to‘liq ochishni topshirdi. Prezident bir necha oy ichida ilk bor masofaviy formatda yig‘ilish o‘tkazdi.

Abdulaziz Kamilov AQSh davlat kotibi bilan uchrashdi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning AQSh davlat kotibi Entoni J. Blinken bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Davlat kotibi AQShning O‘zbekiston bilan strategik sherikligini chuqurlashtirish istagini bildirib, O‘zbekistonning Afg‘onistonda adolatli va uzoq muddatli tinchlik o‘rnatilishini doimiy qo‘llab-quvvatlashi uchun minnatdorlik bildirdi.

Xalq ta’limi vaziri koronavirusga qarshi emlandi

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov COVID-19 ga qarshi xitoy-o‘zbek ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan emlandi.

Yarim yilda qariyb 500 ta davlat mulki 1,1 trln so‘mga sotildi

O‘zbekistonda shu yilning birinchi yarmida 478 ta davlat mulki 1,1 trln so‘mga sotildi. Prezident videoselektorda sotilishi belgilangan 288 ta mulk savdolarga chiqarilmaganini tanqid qildi. Qolaversa, davlat korxonalari va banklari ixtiyoridagi ularning faoliyatiga xos bo‘lmagan 511 ta obyekt haligacha sotilmasdan turgani aytildi.

Tanzila Narbayeva Parijdagi “Tenglik avlodi” xalqaro forumida nutq so‘zladi

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva Parij shahrida bo‘lib o‘tayotgan gender tenglik masalalariga bag‘ishlangan “Tenglik avlodi” xalqaro forumida ishtirok etdi. Forumda 2030 yilgacha O‘zbekistonda gender tenglikka erishish strategiyasi tasdiqlangani ta’kidlandi. Tadbir doirasida 100 dan ortiq virtual tadbirlar o‘tkaziladi va yakunida gender tenglikni tezlashtirish dasturi qabul qilinadi.

Yoshlar forumida qatnashganlarning barchasi koronavirusga test topshirgan — Yoshlar ishlari agentligi

Yoshlar ishlari agentligi Toshkentdagi Yoshlar va talabalar forumining barcha ishtirokchilari koronavirusga test topshirganligini ta’kidladi. “Ishtirokchilar vaksina qilinishi rejalashtirilgan edi, lekin emlashdan keyin tana harorati ko‘tarilish sababli vaksinatsiya o‘tkazilmagan”, — deyiladi agentlik bayonotida.

Abdulaziz Kamilov va Pentagon rahbari Markaziy Osiyodagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qildilar

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin Markaziy Osiyodagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qildilar. Tomonlar terrorizmga qarshi kurashish va mudofaa vazirliklarining salohiyatini oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.

Toshkentda bog‘lar, yashil hududlar va xiyobonlar soni ko‘paytiriladi

Prezident topshirig‘iga muvofiq, 2021−2022 yillarda poytaxtimizning 130 km piyodalar va 117 km velosiped yo‘laklarini qurish, 12 ta bog‘, 25 ta yashil hudud va saylgohlarni tashkil qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, 140 gektar maydonga ega bo‘lgan attraksionlarsiz bog‘larni va har bir tumanda kichik yashil bog‘larni tashkil qilinishi kutilmoqda.

Toshkentda deyarli 900 mln so‘m kredit mablag‘larini noqonuniy qo‘lga kiritgan shaxs aniqlandi

Toshkent shahrida 34 nafar fuqarolarning nomidan 897 mln so‘m onlayn-kredit mablag‘larini noqonuniy tarzda qo‘lga kiritgan shaxs aniqlandi. Firibgarlik va hujjatlarni qalbakilashtirish moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

O‘zbekistonda bir nechta ijtimoiy tarmoqlar faoliyati vaqtinchalik cheklandi

“Fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishning qonuniy talablari” buzilganligi uchun O‘zbekistonda ayrim ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish cheklandi, deya ta’kidlamoqda “O‘zkomnazorat”. Faoliyati cheklangan ijtimoiy tarmoqlar nomi ko‘rsatilmagan, ammo ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Twitter, TikTok va VKontakte faoliyatida uzilishlar bo‘layotganini aytmoqda.

O‘tgan 6 oy ichida eng ko‘p chaqaloq Samarqandda tug‘ilgan

2021 yilning yanvar-iyun oylarida respublikada 391 ming 258 ta tug‘ilish qayd etilgan. Hududlar kesimida eng ko‘p tug‘ilish bo‘yicha Samarqand, Farg‘ona hamda Qashqadaryo viloyatlari yuqori o‘rinni egallagan.

O‘zbekiston ikkilamchi bozorida uy-joylar bir chorakda 5,7 foizga qimmatlashdi

Ikkilamchi bozorda uy-joylar narxi II chorak davomida o‘rtacha 5,7 foizga ko‘tarildi. Narxlar eng ko‘p Namangan, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida qimmatlashdi, barcha oldi-sotdi shartnomalarining uchdan biri esa Toshkentga to‘g‘ri kelmoqda. Poytaxtdagi ko‘chmas mulk narxlari aholi jon boshiga daromadi yuqoriroq bo‘lgan dunyoning boshqa poytaxt-shaharlaridan balandroq, deyiladi MB mutaxassisi sharhida.