O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin 1 iyul kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Markaziy Osiyo mintaqasidagi o‘zgaruvchan xavfsizlik vaziyatini muhokama qildilar, deya Pentagon saytida xabar berilmoqda.

Abdulaziz Kamilov Qo‘shma Shtatlarga O‘zbekistondagi mudofaa sohasini modernizatsiyalashni doimiy qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

«Vazirlar [ikki mamlakat] harbiy tuzilmalari o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligi to‘g‘risida kelishib oldilar va terrorizmga qarshi kurash, chegara xavfsizligi va mudofaa idoralari salohiyatini oshirish kabi masalalarda yaqin hamkorlikni davom ettirish istagi bilan bo‘lishdilar», — deyiladi xabarda.

Lloyd Ostin O‘zbekistonning Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarini uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlashini va mamlakat iqtisodiyotini tiklash va uning Markaziy Osiyo mintaqasiga qo‘shilishida yordam berish istagini mamnuniyat bilan qabul qildi. Vazirlar «Afg‘onistondagi [mojaro]ni barqaror siyosiy tartibga solish maqsadini yanada ilgari surishga sodiqliklarini tasdiqladilar».

Pentagon rahbari O‘zbekistonga «Markaziy Osiyoda barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashdagi yetakchi roli uchun» minnatdorlik bildirdi va AQSh mintaqa davlatlari bilan «umumiy xavfsizlik muammolarini hal qilishda» hamkorlikni davom ettirishini tasdiqladi.