Toshkentdagi «O‘zekspomarkaz» ko‘rgazma majmuasi bazasida, shuningdek «Universal» va «Yoshlik» sport majmualaridagi koronavirus bemorlar uchun taqsimlash markazlari qayta ochilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 1 iyul kuni kechqurun ma’lum qildi, deb xabar berdi poytaxt ma’muriyati matbuot xizmati.

Foto: Toshkent hokimligi.

Jahongir Ortiqxo‘jayev «Yoshlik» sport-sog‘lomlashtirish majmuasiga (Davlat xavfsizlik xizmati balansida) tashrif buyurdi, u yerda 2 iyul kuni soat 00:00 dan boshlab koronavirusga shubha qilingan bemorlarni qabul qilish va ularga birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatishga mo‘ljallangan taqsimlash markazi ochildi.

Markaz 504 koyka-o‘rin, shu jumladan 60 ta koyka-o‘rinli jonlantirish bo‘limini o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, hokim 3 iyulga o‘tar kechasi «Universal» sport majmuasi bazasida 770 o‘rinli taqsimlash markazini ochish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bungacha bu yerda O‘zbekiston gimnastikachilari Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. Bu haqda 27 iyun kuni badiiy gimnastika jamoasi murabbiysi Yekaterina Pirojkova guruh mashg‘ulotlarida ma’lum qildi.

Shuningdek, Jahongir Ortiqxo‘jayev dushanba kuni «O‘zekspomarkaz» ko‘rgazma majmuasi negizida 700 o‘rinli taqsimlash markazi ishini ham qayta tiklashga ko‘rsatma berdi.

Jami bo‘lib 2000 nafar bemor uchun joylar zaxirasi shakllantirilishi kerak.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Payshanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyev bir necha oy ichida birinchi marta masofadan turib yig‘ilish o‘tkazdi. Shu kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham Zoom platformasi orqali jurnalistlar bilan matbuot anjumani tashkil qildi, deb xabar beradi «Gazeta.uz» muxbiri.

COVID-19 bemorlari uchun taqsimlash markazlari dekabr oyi boshida yopilgan edi. Keyinchalik, kasallanish darajasining pasayishi tufayli Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti hamda Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti klinikasi, shuningdek Klinik shoshilinch yordam kasalxonasi, Perinatal markazi va 3-sonli yuqumli kasalliklar shifoxonasi ham odatdagi ish rejimiga qaytdi.

«Gazeta.uz» 21 iyun kuni ikki haftadan kam vaqt ichida O‘zbekistonda aniqlangan koronavirus holatlarining kunlik o‘sishi ikki baravarga — kuniga 199 tadan 427 taga ko‘paygani haqida yozgan edi (30 iyun holatiga ko‘ra — 476 ta holat). Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasi tashriflar sonining 2 barobarga, bemorlarning kasalxonaga yotqizilishi 1,5 barobarga oshgani haqida xabar berdi.

24 iyun kuni Innovatsiyalar vazirligi O‘zbekistonda ham yuqumliroq va xavfliroq hisoblangan «delta» koronavirus shtammini aniqlaganini tasdiqladi.

Koronavirus tarqalishi fonida 28 iyundan boshlab karantin cheklovlari kuchaytirildi. Shu bilan birga, ushbu cheklovlarga rioya qilmasdan ommaviy tadbirlarni o‘tkazish davom etmoqda, jamoat transportida esa ularga rioya qilish shunchaki mumkin emas.