Yanvar-may oylarida mamlakatda jami 2960 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etildi. Avariyalar natijasida 770 kishi halok bo‘lgan bo‘lsa, yana 2365 kishi jarohatlangan. Bu haqda IIV YHXBB matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar berdi.

Viloyatlar kesimida eng ko‘p YTH Farg‘ona viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda — 458 ta (dastlabki 4 oyda — 328 ta). Qolaversa, Toshkent viloyatida — 410 ta (307 ta) hamda Toshkent shahrida — 373 ta (286 ta) ham boshqa hududlarga nisbatan ko‘proq YTHlar qayd etilgan.

1249 ta (dastlabki 4 oyda — 938 ta) avariya piyodalar, 233 tasi (146 ta) velosipedchilar, 396 tasi (243 ta) bolalar va 22 tasi (12 ta) mototsikl haydovchilari ishtirokida sodir bo‘ldi. Bundan ko‘rinib turibdiki, dastlabki 4 oyga qaraganda may oyining o‘zida piyodalar (311 ta) hamda bolalar (153 ta) bilan bog‘liq avariyalar soni keskin oshgan.

Infografika IIV YHXBB tomonidan birlamchi ma’lumotlar asosida tayyorlangan.

YTHlarning 1070 tasi shahar ko‘chalarida, 962 tasi respublika yo‘llarida, 469 tasi xalqaro va 469 tasi mahalliy yo‘llarda sodir bo‘lgan.

Yo‘l-transport hodisalarining eng ko‘pi — 630 tasi, 28−32 yoshdagi haydovchilar tomonidan sodir etilgan. Shuningdek, 595 ta YTH 23−27 yoshdagi haydovchilar, 464 ta 33−37 yoshdagi haydovchilar, 428 ta 47 yosh va undan katta yoshdagi haydovchilar, 331 ta esa 18−22 yoshdagi haydovchilar tomonidan sodir etilgan.

Shuningdek, YTHlarning 2894 tasi erkak haydovchilar, 66 tasi ayol haydovchilar tomonidan sodir etilgan.

Avtohalokatlarning asosiy subyektiv sabablari (yo‘l harakati qoidalarini buzilganligi sababli) ruxsat etilgan harakat tezligining oshib ketishi — 27,7%. Shuningdek, ustunlikka ega transportga yo‘l bermaslik (11,6%), haydovchining tajribasizligi (6,9%), avtomobilni haydash vaqtida uxlab qolish (6,3%) va mast holda haydash (2,6%) YTH sodir bo‘lishining subyektiv sabablari hisoblanadi.

Yo‘l-transport hodisalarining asosiy obyektiv sabablari (yo‘llarni rejalashtirishdagi kamchiliklar tufayli) piyodalar o‘tishi mumkin bo‘lmaganligi sababli piyodalar tomonidan yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tish — 15,4%. Shuningdek, harakat yo‘nalishini ajratuvchi to‘siqlar o‘rnatilmagan yo‘llarda qarama-qarshi yo‘nalishga chiqish (9,7%), yo‘l harakati tashkil etish va yo‘llardagi nosozliklar sababli (4,6%) va veloyo‘laklar tashkil etilmagan joylarda ularni urib yuborish (3,8%) YTHlar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan.

Avvalroq, «Gazeta.uz» 2021 yilning dastlabki 4 oyida mamlakatda sodir bo‘lgan 2242 ta yo‘l transport hodisasi oqibatida 1684 kishi jarohatlangani, 557 kishi esa vafot etgani haqida xabar bergan edi.

Ma’lumot uchun, 2020 yilning birinchi yarmida (yanvar-iyun oylari) jami 2388 ta sodir etilgan yo‘l-transport hodisalaridan 642 tasi o‘lim bilan bog‘liq bo‘lgan. Mazkur YTHlar oqibatida umimiy 1746 kishi tan jarohati olgan.

2020 yilda O‘zbekistonda jami 6982 ta YTH sodir bo‘lgan, ularning 1689 tasi o‘lim bilan bog‘liq. Buning oqibatida 1962 kishi olamdan o‘tgan. YTHlarda jami 6591 kishi jarohatlangan.