23 iyun kuni soat 17:30 larda Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidan o‘tgan 4K-271 avtomagistral yo‘lining 9-km da avtohalokat sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda “Nasaf TV” telekanali “Xabarlar” informatsion dasturi.

Ma’lum qilinishicha, Nexia-3 haydovchisi yo‘l chetida velosipedda harakatlanayotgan bobo va uning voyaga etmagan nabirasini urib yubordi. Oqibatda jabrlanuvchilar olgan jarohatlari tufayli kasalxonada vafot etdi.

Foto: “Nasaf TV” telekanali

Haydovchining so‘zlariga ko‘ra, o‘zidan 50−60 metr narida velosipedda o‘tirgan odamni ko‘rgach, u tezlikni pasaytirgan.

“Men ularga yaqinlashganimda, 1−2 metr qolgan edi, to‘satdan velosipedchi yo‘limga chiqib qoldi, tormoz bosib, olib qochishga harakat qildim, lekin masofa yaqinligi uchun urib yubordim”, dedi haydovchi.

Telekanal reportajida haydovchining qishloq joylarida tezlikni oshirib yuborgani qayd etilgan. Haydovchining so‘zlariga ko‘ra, u sekinlashganda uning tezligi 60 km/s atrofida bo‘lgan.

Foto: “Nasaf TV” telekanali

Mazkur holat yuzasidan Kitob tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, “Gazeta.uz” yanvar-may oylarida O‘zbekistonda 2960 ta YTH qayd etilgani, buning oqibatida 2365 kishi jarohatlangan, 770 kishi esa vafot etgani haqida xabar bergan edi. Mazkur YTHlarning 233 tasi velosipedchilar bilan sodir bo‘lgan.