Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 1 iyul kuni davlat aktivlarini xususiylashtirish sohasidagi ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Yig‘ilishda xususiylashtirish jarayonini samarali tashkil etish, auksionda qatnashish tartiblarini soddalashtirish va ishtirokchilar sonini ko‘paytirishga qaratilgan vazifalar muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, joriy yilda 900 dan ortiq davlat mulki sotuvga qo‘yiladi. Endi davlat mulklarini «1 so‘m» qiymatda savdoga chiqarish, yer uchastkalarini investitsiya majburiyati bilan sotish amaliyoti bekor qilinadi va ular bozor bahosida elektron savdolarga chiqariladi.

Bundan tashqari, onlayn auksionda qatnashish uchun to‘lovlar bekor qilinadi va tadbirkorlarga elektron ro‘yxatdan o‘tish xarajatlari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan qoplab beriladi. Auksionda mulkni sotib olganda, to‘lov muddati hozirgi 5 kundan 15 kungacha uzaytiriladi.

Bundan buyon, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlarning bino-inshootlari, transport vositalarini sotish va ijaraga berishni faqat elektron auksion orqali amalga oshirish tartibi joriy etiladi.

Toshkent shahridagi 13 ta yirik ko‘chmas mulk obyekti hamda 11 ta tarmoq korxonalaridagi davlat ulushlarini xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda, sotuvga chiqarish zarurligi ta’kidlandi.

Viloyat, tuman va shahar hokimlariga o‘z vakolatidagi 154 ta bo‘sh turgan obyektni bir oy muddatda savdoga chiqarish vazifasi qo‘yildi.

Hokimliklar tomonidan sotuvga chiqarilgan mulklar sotilganda, hududlar ixtiyorida qoladigan mablag‘lar ulushi 73 foizdan 87 foizga oshiriladigan bo‘ldi. Bu mablag‘lar viloyat va tumanlar (shahar) byudjetlari o‘rtasida teng taqsimlanadi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga davlat korxonalari hamda banklarning asosiy faoliyatga xos bo‘lmagan va bo‘sh turgan obyektlarni to‘liq qaytadan xatlovdan o‘tkazib, ularni xususiylashtirishga tayyorlash bo‘yicha topshiriq berildi.