O‘zbekiston prezidenti 1 iyul kuni N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti (RMTTU)ning Toshkent shahridagi filiali faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Filial ta’lim faoliyatini 2022/2023 o‘quv yilidan boshlaydi.

Filial Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Maxtumquli ko‘chasi, 103-uy manzilida joylashgan Toshkent tibbiyot akademiyasi (Eski ToshMI)ning ko‘p tarmoqli klinikasi bino va inshootlariga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.

Hujjatda quyidagilar filialning asosiy faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • sog‘liqni saqlash tizimi va aholi salomatligini muhofaza qilish uchun muhim ilmiy-amaliy muammolarni hal qilishga qodir yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlash;
  • tibbiyot kadrlarini tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan zamonaviy ta’lim dasturlari hamda o‘qitish shakllarini ishlab chiqish va tatbiq etish, o‘quv jarayoniga ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini, fan va texnikaning so‘nggi yutuqlarini joriy qilish, o‘quv-pedagogik salohiyatni rivojlantirishni rag‘batlantirish;
  • tibbiyot va tibbiyot ilm-fani sohasida fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni olib borish;
  • ta’lim va fanning uzluksizligi hamda uzviyligi, shuningdek, jahon ta’lim va ilmiy hamjamiyatiga majburiy integratsiyalashuv hisobiga mutaxassislar, ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish;
  • ta’lim va ilmiy faoliyatning tibbiy va farmatsevtik faoliyat bilan chuqur integratsiyalashuvi uchun shart-sharoitlar yaratish;
  • xorijiy mamlakatlarning yetakchi ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan ta’lim hamda tibbiyot ilmi sohalarida uzoq muddatli munosabatlarni mustahkamlash.

Filialdagi ta’lim jarayoni Rossiya Federatsiyasining federal ta’lim standartlariga muvofiq, rus tilida olib boriladi.

Abituriyentlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda RMTTU tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi.

Filial bitiruvchilariga O‘zbekistonda oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan RMTTUning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy- amaliy tibbiyot markazi va Toshkent davlat stomatologiya instituti hududida yangi tashkil etilayotgan ko‘p tarmoqli klinika filialning asosiy klinik bazalari sifatida belgilandi.

Talabalar grant va to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olishlari mumkin. Davlat granti asosida tahsil olgan filial bitiruvchilari O‘zbekistonning davlat tibbiyot muassasalarida kamida 5 yil ishlash sharti bilan ishga taqsimlanadi.

Hujjatga muvofiq, 2021/2022 o‘quv yilida 35 nafar O‘zbekiston fuqarosi Pirogov nomidagi RMTTUda tahsil oladi.

Eslatib o‘tamiz, 14 iyun kuni sog‘liqni saqlash va kommunal xizmat sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishgan prezident Shavkat Mirziyoyevga RMTTU bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilgani haqida ma’lumot berilgan edi. Taqdimotda hamkorlik doirasida kelgusi ikki yilda O‘zbekiston talabalarini Rossiyaga o‘qishga yuborish, 2023−2024 o‘quv yilidan boshlab Toshkentda RMTTU filialini ochish rejalashtirilgani aytilgan edi.

N.I.Pirogov nomidagi RMTTU Rossiyada tibbiy biokimyo, kibernetika, biofizika mutaxassisliklari bo‘yicha shifokorlar, farmatsevtlar, klinik psixologlar, ijtimoiy ishchilar, shuningdek tibbiyot ilmiy xodimlarini tayyorlashni ta’minlaydigan yetakchi ilmiy va o‘quv tibbiyot markazidir.