Uzbekistan Airports kompaniyasi poytaxt aeroportida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash maqsadida Toshkent-2 xalqaro terminaliga olib boradigan estakada bo‘ylab avtomobillar harakatiga ruxsat bermoqda. «Gazeta.uz» muxbiri tanishtiruv marosimida ishtirok etdi.

Estakada bo‘ylab avtotransport harakati 2021 yilning 10 iyul kuni sinov rejimida boshlanadi.

Estakada maydoni — platformaning umumiy uzunligi — 110 m, kengligi — 9,5 m — barcha avtotransport vositalarini kiritishga imkon bermaydi, deya qayd etdi kompaniya vakili. Shuning uchun sinov davrida birinchi darajali uchish terminaliga Toshkent Xalqaro aeroporti bilan shartnoma tuzgan litsenziyali taksilar, O‘zbekiston Turizm va sport vazirligi arizalari asosida sayyohlik avtobuslari va mikroavtobuslari hamda VIP va Business Lounge orqali xizmat ko‘rsatiladigan xorijiy delegatsiyalar avtotransport vositalarining kirishi uchun ochish rejalashtirilmoqda.

Estakaning kirish qismiga bo‘sh joylar mavjud bo‘lganda ochiladigan ikkita avtomat shlagbaum (har bir yo‘lakka), yo‘l to‘siqlari (antitaran), bo‘sh joylar bor-yo‘qligi haqidagi ma’lumotni ko‘rsatib turadigan tablo, yot jismlarni aniqlash uchun avtotransport skaneri (har bir yo‘lakka) hamda navbatchi operator uchun avtomatlashtirilgan nazorat kuzatuv punkti o‘rnatilgan.

Estakada uzunligi bo‘ylab videokuzatuv kameralaridan iborat intellektual tizim o‘rnatilgan bo‘lib, transport vositasining davlat raqami, ularning turini aniqlash, ularning yo‘l harakati qoidalariga rioya etilishini nazorat qilishga imkon beradi. Shuningdek, aeroport oldidagi maydonda zamonaviy avtomatlashtirilgan avtoturargoh tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu yerda avtomobil raqam belgilarini tanish texnologiyalari hamda avtoturargoh xizmati uchun naqd yoki naqdsiz shaklda to‘lovni amalga oshirish uchun avtomatlashtirilgan terminallardan foydalaniladi.

Toshkent-2 xalqaro terminaliga estakada orqali kirish qoidalari

  1. Estakadaning birinchi yo‘lagi sayyohlik avtobus va mikroavtobuslari uchun mo‘ljallangan.
  2. Estakadaning chap yo‘lagi taksilar kirishiga mo‘ljallangan.
  3. Sayyohlik avtobus va mikroavtobuslari uchun estakadaga bepul kirish va yo‘lovchilarni tushirishga 10 daqiqa vaqt beriladi, ortiqcha qolgan har 10 daqiqa uchun to‘lov olinadi.
  4. Taksilar uchun estakadaga bepul kirish va yo‘lovchilarni tushirish vaqti 5 daqiqadan oshmaydi, ortiqcha qolgan keyingi har 5 daqiqa uchun to‘lov olinadi.
  5. Estakadaning chap va o‘ng yo‘laklarini ajratib turgan sariq chiziqli maydonda to‘xtash taqiqlanadi va jarima solinadigan qoidabuzarlik hisoblanadi.

Toshkent xalqaro aeroporti direktori Mirzohid Tursunovning ta’kidlashicha, estakadada bir vaqtda 30 tagacha yengi avtomobil yoki sayyohlik avtobuslarini hisobga olganda 17 tagacha yengil avtomobil bo‘lishi mumkin. «Biz bu kichik miqdor ekanligini bilamiz… shuning uchun biz qo‘shimcha sharoitlarni tashkil qildik, mavjud avtoturargohni sinov rejimida bepul ochishimiz mumkin. Xuddi shu sxema quyida ishlaydi — avtoulovlar uchun 5 daqiqa va avtobuslar uchun 10 daqiqa [yo‘lovchilarni tushirish uchun] bepul».

Aeroport direktori Mirzohid Tursunov jurnalistlarga estakadadan foydalanish qoidalarini tushuntirmoqda.

Avval yozganimizdek, Toshkent xalqaro aeroportini rekonstruksiya qilish doirasida havo bandargohining o‘tkazuvchanligi soatiga 600 dan 1200 yo‘lovchiga oshiriladi. 7,5 ming kvadrat metr maydonda yiliga kamida 70 ming tonna va kuniga 200−220 tonna yuklarni qabul qilish uchun mo‘ljallangan yuk terminali, aeroport situatsiya markazi va harbiylashtirilgan tuzilmalar uchun ma’muriy bino, shuningdek transport vositalari uchun to‘xtash joylarini qurish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, aeroportning sun’iy uchish-qo‘nish yo‘lagi, qo‘shimcha yo‘laklari va perroni kapital ta’mirlanadi.

Foto