Bosh prokuratura tomonidan yer qonunchiligi sohasida samarali jamoatchilik nazoratini tashkil etish uchun maxsus telegram-bot ishga tushirildi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura axborot xizmati.

@YerNazoratBot xizmati orqali fuqarolar o‘zlari yashaydigan hududlarda qishloq xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligi bo‘lmagan yerlardan foydalanishda qonun buzilishi holatlari to‘g‘risida tezkor xabar berishlari mumkin. Murojaat berishda foydalanuvchilar telefon raqami orqali ro‘yxatdan o‘tishlari va hududlarini ko‘rsatishlari kerak.

Hozir uch turdagi huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar berish mumkin: yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash, noqonuniy qurilish hamda yerdan maqsadsiz va samarasiz foydalanish. Bosh prokuratura tomonidan belgilab qo‘yilishicha, ariza beruvchining shaxsi sir saqlanashi ta’minlanadi.

Iyun oyi boshida Bosh prokuror o‘rinbosari Shavkatjon Rahimov 2 yil davomida 120 ming gektardan ziyod yer talon-toroj bo‘lgan yoki hokimlar tomonidan maqsadsiz berib yuborilganitsh ma’lum qilgan edi. Yerga oid qonunchilik bo‘yicha 588 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shavkat Mirziyoyev yerga bo‘lgan huquqni bozor aktiviga aylantirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Hokimiyatlar yerlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish, zaxiralash, obodonlashtirishga ajratish va boshqa vakolatlaridan mahrum etiladi. Yerga bo‘lgan huquqlarning turlari 6 dan 3 gacha qisqartiriladi. Yer uchastkalari xususiy sektorga mulk huquqi va ijara huquqi asosida, davlat tashkilotlariga esa doimiy foydalanish huquqi asosida beriladi.

Eslatib o‘tamiz, may oyi oxirida Bosh prokuratura yana bir telegram-botni ishga tushirgan edi. U orqali “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirishdagi kamchiliklar yoki sifatsiz ishlar to‘g‘risida xabar berish mumkin.