Amerika Qo‘shma Shtatlari Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali 1 iyul kuni O‘zbekistonga qariyb 400 ming dollarlik 131 tonna oziq-ovqat yordamini yetkazib berdi. Bu haqda AQShning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati xabar qildi.

Sabzavot va dukkakli mahsulotlarning ozuqaviy aralashmasidan iborat bo‘lgan mazkur yordam sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya muassasalari hamda ehtiyojmand uy xo‘jaliklari o‘rtasida taqsimlanadi. Yordamning COVID-19 bo‘yicha karantin xizmatlarini ko‘rsatayotgan, sil kasalligiga chalingan bemorlar davolanayotgan muassasalar, mehribonlik uylari, ruhiy kasalliklar shifoxonalaridagi 30 ming nafardan ortiq fuqaroni qamrab olishi kutilmoqda.

2021 yildan buyon Amerikaning Oziq-ovqat yordamini ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro sherikchilik dasturi doirasida O‘zbekistonga 3,5 mln dollardan ziyodroq qiymatdagi qariyb 1300 tonnalik oziq-ovqat yordami yetkazib berildi. Respublikaning barcha hududlarida 240 ming nafardan ziyodroq kishiga 65 mln porsiya tarqatildi.

USAIDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Mikaela Meredit (suratda) dasturning maqsadi «sog‘lom va samarali hayotni qo‘llab-quvvatlash uchun muvofiq, xavfsiz va to‘yimli ozuqa» taqdim etish yo‘li bilan aholining zaif qatlamlarini yanada qo‘llab-quvvatlashdan iborat ekanini ta’kidladi.

Yetkazib berilgan Harvest Lentil Pro (ishlab chiqaruvchi — Amerikaning Breedlove Dehydrated Foods kompaniyasi) mahsuloti quritilgan sabzi, piyoz, guruch va yasmiqdan tarkib topgan. Mahsulot organizmni ozuqaviy mikroelementlarni ta’minlash hamda kunlik kaloriya va oqsillar iste’molini oshirish uchun maxsus ishlab chiqilgan bo‘lib, u sovutilmagan holda uzoq muddat saqlash va turli usullarda oson pishirish xususiyatiga ega.

Taqdim etilgan yordam Amerikaning Resource and Policy Exchange notijorat tashkiloti tomonidan Sog’lom Avlod Uchun Xalqaro xayriya jamg‘armasi (O‘zbekiston) bilan hamkorlikda tarqatiladi.

Amerika diplomatik vakolatxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 20 yil davomida AQSh O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimiga 122 mln dollardan ziyodroq miqdorda uzoq muddatlik investitsiyalar kiritgan bo‘lsa, umumiy hamkorlik hajmi 1 mlrd dollardan oshdi.