26−27 iyun kunlari Zomin milliy tabiat bog‘ida O‘zbekistonda ilk marotaba Zaamin Ultra sport, musiqa va san’at festivali bo‘lib o‘tdi. Samarkand Half Marathon doirasida o‘tkazilgan uшбu tadbir Madaniyat ishlari Vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, Turizm va sport vazirligi va Jizzax viloyati hokimligi hamkorligida tashkillashtirildi.

Unda ishtirok etish uchun Qozog‘iston, Qirg‘iziston, xattoki, Rossiya davlatlaridan sportchilar yetib kelishdi. Marafonda 600 nafar ishtirokchi 50 km, 21 km, 10 km masofani bosib o‘tishdi, qolaversa, shimolcha yurishda qatnashuvchilar hamda havaskor yuguruvchilar 2 kmлик masofada kuch sinashdi.

Marafon Tojikistonning So‘g‘d viloyati chegarasidan 7 km uzoqlikda joylashgan tog‘li hududda o‘tkazildi. Sportchilarning xavfsizligi va tinchlikni saqlash maqsadida hududga ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari jalb etildi.

Marafonni bevosita kuzatgan «Gazeta.uz» muxbiri marafondagi hayajonli daqiqalar, qolaversa, tadbirdan bir kun oldingi tayyorgarlik jarayonidan fotoreportaj tayyorladi.

27 iyun kuni soat 7:00da 50 kmda bahslashuvchi sportchilar uchun start berildi. Soat 10:00da esa qolgan masofani bosib o‘tishga tayyor qatnashchilar harakatni boshlashdi.


Hattoki professional sportchilar ham bir holatni — balandlikka ko‘tarilish va pastga tushishdan iborat bo‘lgan masofani bosib o‘tish har qachongidan-da og‘irroq bo‘lganini qayd etishdi.

Qayd etish joizki, marafonda barchaga birdek esdalik uchun medallar topshirildi. Tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra, start-finish maydonchasidan 5 km uzoqlikdagi hududda 6−7 asrlarda kumush koni mavjud bo‘lgan. Shundan kelib chiqib, medallarda kumushning strukturaviy ko‘rinishi aks etgan.

Medal konsepsiyasini tayyorlash ko‘p vaqt talab qilgan va u xorij mamlakatlarida ishlab chiqarilib, olib kelingan. Ta’kidlanishicha, ko‘pchilik ishtirokchilar mazkur medalni o‘zining shaxsiy kolleksiyasida ko‘rish maqsadida ham marafonda ishtirok etgan.


Doniyor Qurbonaliyev.

50 km masofa

1 o‘rin: Doniyor Qurbonaliyev (4:24:27)

2 o‘rin: Nodir Taniyev (4:48:28)

3 o‘rin: Rafael Zinurov (5:05:30)


Ayollar o‘rtasida yagona ishtirokchi: 1 o‘rin: Dilfuza Allayarova (6:19:30)


21 km masofa

1 o‘rin: Jumanazar Abdurahmonov (1:35:32)

2 o‘rin: Javlonbek Abdullayev (1:46:14)

3 o‘rin: Asilbek Orifxo‘jayev (1:49:50)


Ayollar o‘rtasida

1 o‘rin: Diana Valiyeva (2:15:03)

2 o‘rin: Natalya Pyatayeva (2:18:52)

3 o‘rin: Luiza Nazarova — Rossiya (2:33:38)


10 km masofa

1 o‘rin: Oybek Usmonov (43:08)

2 o‘rin: Yusuvjon Abdullayev (43:09)

3 o‘rin: Andrey Kulikov (45:23)


Ayollar o‘rtasida

1 o‘rin: Aleksandra Kuznitsova — Rossiya (1:09:25)

2 o‘rin: Kristi Jitetskaya (1:10:38)

3 o‘rin: Durdona Safarova (1:11:12)


Raqamlarga e’tibor qaratsak, 600 nafar ishtirokchi, tadbirni o‘tkazish uchun 80 tonna yuk olib kelingan va olib ketilgan. Shuningdek, sportchilar sog‘lig‘i uchun 7 ta tez yordam ekipaji shay turishdi. Qolaversa, trassada turgan 25 nafar ko‘ngilli ikki kunlik tez yordam ko‘rsatish amaliyotini o‘tashdi, 10 nafar yarim oy jamiyati ko‘ngillisi esa har qanday vaziyatda ko‘maklashish maqsadida jalb qilindi.


Marafonning eng yosh ishtirokchisi 9 yoshli Timur Zaxidov — 2 km masofani bosib o‘tib, ota-onasini finishda kutib turibdi.





Marafonda esda qolarli holatlar ham yetarlicha bo‘ldi. Shulardan biri, 10 km masofani bosib o‘tib, finishga yetib kelgan Mansur Rasulov uni kutib turgan Nargiza Oytugadiyevaning qo‘lini so‘radi. Nargiza esa «ha» deb, o‘zini roziligini bildirdi.



«Tog‘lar orasidagi chodirlar». Ishtirokchilar marafondan bir kun oldin vaqtini qanday o‘tkazdi?


26 iyun kuni sportchilar start beriladigan hududga birinma-ketin kela boshlashdi. Vaqtliroq kelganlar allaqachon chodirlarni tiklab, o‘rnashib oldi.


Ko‘pchilik oilaviy kelgan bo‘lib, o‘zlariga barcha qulayliklarni yaratib bo‘lgach, hordiq chiqarishmoqda.


Jamoaviy sportchilar esdalik uchun videoga tushmoqda.


Atrof-muhitga zarar yetkazmaslik masalasi ham o‘ylab qo‘yilgan. Har kim ma’suliyatni o‘z bo‘yniga olgan holda, chiqindilarini ketish chog‘ida o‘zi bilan olib ketadi. Qolaversa, chiqindilarni yig‘ib olish maqsadida volontyorlar guruhi ham tashkil etilgan. Bu yerda ko‘chma ovqatlanish shoxobchalari bilan birgalikda, bioxojatxonalargacha o‘rnatildi.


Xattoki jajji muxlislar ota-onalari bilan birgalikda marafonni kuzatishga, yaqinlarini qo‘llab-quvvatlashga kelishgan.


Foto: Abdullo Yodgorov / «Gazeta.uz».