Ayni daqiqalarda Shavkat Mirziyoyev Botanika bog‘ida tashkil qilingan O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumida nutq so‘zlayapti.

Davlat rahbari O‘zbekiston oldida turgan eng muhim vazifalardan biri — yangi avlod beruniylarini, ibn sino va ulug‘beklarini, xorazmiy va farg‘oniylarini tarbiyalab, voyaga yetkazishdan iboratligini qayd etdi.

Bu yo‘nalishda «Beruniy izdoshlari», «Mirzo Ulug‘bek vorislari», «Alisher Navoiy davomchilari» kabi ko‘rik-tanlovlar o‘tkazib, g‘oliblarni rag‘batlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Prezident yoshlarning ijtimoiy- siyosiy faolligini oshirish masalasiga ham, alohida e’tibor qaratish reja qilinayotganini ham ma’lum qildi.

Yaqinda taniqli siyosatchi, Parlamentlararo Ittifoqning Bosh kotibi Martin Chungong dunyo aholisining yarmidan ko‘pini 30 yoshgacha bo‘lgan insonlar tashkil etsa-da, butun dunyo bo‘yicha yosh deputatlarning ulushi 2,6 foizga ham yetmas ekanligini ta’kidlagan. U O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 6 foizdan oshganini yuqori baholagan.

«Biz bu g‘oyat muhim yo‘nalishdagi ishlarimizni davom ettirgan holda, Parlamentlararo Ittifoq ko‘magida „Men parlamentda yoshlarni qo‘llab-quvvatlayman!“ degan ezgu tashabbusni amalga oshiramiz. Ushbu tizim asosida siyosiy yetuk va faol yosh yigit-qizlar parlament va mahalliy kengashlar faoliyatiga yanada kengroq jalb etamiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

U shuningdek, faol yoshlar deputat va senatorlarga biriktirilishini aytib o‘tdi.

«Xalq deputatlari kengashlari tavsiyasi asosida yosh, g‘ayratli, fidoiy o‘g‘il-qizlarimiz bundan buyon Oliy Majlis deputati va senatorlariga biriktiriladi. Shu bilan birga, mahalliy kengashlarda ham, xuddi Senat va Qonunchilik palatasidagi kabi yoshlar parlamenti vakillari maktabi tashkil etiladi», — deya ta’kidladi davlat rahbari.

Qolaversa, iqtidorli yoshlar orasidan yangi avlod zaxira kadrlari — «Kelajak liderlari» shakllantiriladi.

«Bugun shuni mamnuniyat bilan ta’kidlashni istardimki, bunday yoshlarimizning ko‘pchiligi jonkuyarlik bilan xizmat qilmoqdalar. Masalan, Sherzod Rahmonov — Narpay tumanida, Sarvarbek Sultonov — Shirin shahrida va Elbek Shukurov — Sergeli tumanida hokim bo‘lib, Durdona Rahimova — Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, Odiljon Tojiyev — Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda», — dedi u.